Jizzax viloyati delegatsiyasi Chengdu shahrida yirik kompaniya va biznes uyushmalari bilan keng qamrovli va samarali muzokaralar o‘tkazdi
2026-05-24 13:00:00 / Yangiliklar

Delegatsiya dastlab Chengdu shahridagi yirik biznes uyushmalaridan biri — Rong Shang Zonghui faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuv davomida sanoat kooperatsiyasi, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsion loyihalarni amalga oshirish va IT xizmatlari hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Shuningdek, delegatsiya raqamli moliya va xalqaro to‘lov tizimlari sohasida faoliyat yurituvchi MothPay kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida fintech texnologiyalarini joriy etish, xalqaro elektron to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida zamonaviy moliyaviy yechimlarni qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga dron mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik korxona vakillari bilan ham samarali muloqot o‘tkazildi.
Bundan tashqari, delegatsiya CCTEB Southwest Company rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida Jizzax viloyatida qurilish, energetika, “yashil” texnologiyalar va zamonaviy infratuzilma loyihalari va qurilishlarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Kompaniyaning O‘zbekistonda amalga oshirgan yirik energetika loyihalari tajribasi ham alohida qayd etildi.
Safar davomida delegatsiya "Elektro" avtomobillar ishlab chiqarish va ta’mirlashga ixtisoslashgan zamonaviy korxona faoliyati bilan ham tanishdi. Korxonada elektrotransport vositalarini ishlab chiqarish, texnik xizmat ko‘rsatish va innovatsion texnologiyalar asosida servis tizimini yo‘lga qo‘yish tajribasi o‘rganildi.
Ushbu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar o‘rtasida qator memorandum va dastlabki kelishuvlarga erishilib, Jizzax viloyatiga investitsiyalar jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim istiqbolli rejalar belgilab olindi.
