Jizzaxda Haj safari uchun yo‘llanma va Prezident sovg‘asi topshirildi
2026-05-12 18:00:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasidagi amaliy ishlar keng e’tirof etilmoqda.
Yaqin kunlarda Ramazon oyi davomida ehtiyojmand aholi qatlami uchun katta miqdorda mablag‘lar yo‘naltirilib, bepul jarrohlik amaliyotlari, iftorlik tadbirlari, ramazon hadyalari, arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etish hamda uy-joylarni ta’mirlash kabi bir qator xayrli ishlar amalga oshirilgan edi.
Bugun esa ana shu ezgu ishlar davomi sifatida yurtdoshlarimizdan 100 nafari “Prezident hojisi” degan ulug‘ maqomga munosib topilib, muqaddas Haj amallarini ado etish baxtiga sazovor bo‘lmoqda.
Bu holat insonparvar siyosatning, xalqimizga, ayniqsa ehtiyojmand qatlamlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir.
Shu munosabat bilan Zafarobod tumanidan O‘rozov Abduxoshimga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Haj safari uchun yo‘llanmasi va sovg‘asi topshirildi. Yo‘llanma va sovg‘ani Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ziyoratchining xonadoniga borib, tantanali tarzda topshirdi.
“Prezident hojilari” tashabbusi davlatimiz rahbarining xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibori, nuroniylar va ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan insoniy yondashuvining yorqin namunasidir.
Haj ziyoratiga yo‘l olayotgan fuqarolar davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikni chuqur his etgan holda safarga otlanmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratchilar, balki ularning oilalari, mahallalari va butun viloyat ahli uchun ham katta quvonch va sharafli voqeadir.
Haj safari inson qalbini poklaydigan, sabr-toqat, shukronalik va birdamlikka chorlaydigan ulug‘ ibodatdir. Muqaddas zaminlarda bo‘lish, Ka’batullohni ziyorat qilish har bir mo‘min-musulmon uchun katta baxt va ulkan mas’uliyat hisoblanadi.
Shu bois, ziyoratchilardan ushbu muborak safar davomida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, oilalarimiz osoyishtaligi hamda Vatanimiz ravnaqi uchun xayrli duolar qilish so‘raladi.
Ayni kunlarda Haj amallarini oson va qulay ado etish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, mas’ul ishchi guruhlar ziyoratchilar xizmatida bo‘ladi.
Safarni munosib ado etgan ziyoratchilar yurtimizga ezgu duolar, ulug‘ taassurotlar va ma’naviy poklik bilan qaytishiga ishonch bildirilmoqda.





