Jizzaxda yoshlar bilan ishlash tizimi raqamlashadi
2026-05-06 08:10:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini aniqlash, tizimli o‘rganish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda qog‘ozbozlikdan voz kechilib, aniq va maqsadli zamonaviy elektron tizimlariga o‘tishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.
Zomin tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan amaliy seminarda Zomin, Zarbdor va Yangiobod tumanlaridan soha mutaxassislari qatnashib, «Yoshlar yagona elektron platformasi”ning qulayliklari, undan foydalanish tartibi va tizim orqali yoshlar murojaatlarini tezkor hal etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
— Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu yangi platforma yoshlar bilan ishlashda bizga go‘yo «ko‘zgu” vazifasini o‘taydi. Endilikda har bir yigit yoki qizimizning masalasi, ularga ko‘rsatilayotgan yordamlar va imkoniyatlar yagona tizimda aniq ko‘rinib turadi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Zomin tumani bo‘limi boshlig‘i Bekzod Shukurov. — Bu esa o‘z navbatida ochiqlikni ta’minlash barobarida, har bir murojaat ortida turgan inson taqdiriga befarqlikni yo‘qotadi. Shuningdek, mahalla yettiligidan tortib tuman va viloyat mutasaddilarigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inni yagona tizimga birlashtiradi va ishimiz sifati oshadi.
Seminar yakunida ishtirokchilar platformani yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar hamda chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan yoshlarning muammolarini masofadan turib aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishib oldilar.
