Amerikadagi Jizzaxlik huquqshunos
2026-04-07 09:40:00 / Yangiliklar

U xalqaro huquq, inson huquqlari, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi va sun’iy intellekt bilan bog‘liq huquqiy masalalar bo‘yicha izchil izlanishlar olib bormoqda.
Aziza Rajabova 2018–2022 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida xalqaro huquq yo‘nalishida tahsil olgan. Shu davrdayoq u huquqiy bilim bilan birga amaliy tajriba ham to‘pladi. 2021–2022 yillarda Tashqi ishlar vazirligida yuridik-konsullik yo‘nalishida amaliyot o‘tadi.
Keyinchalik u AQShdagi Penn State universitetida huquq bo‘yicha magistraturani muvaffaqiyatli tamomladi. Shu bilan birga, Pensilvaniya shtati ko‘chmas mulk imtihoni hamda Nyu-Yorkdagi qator yuridik imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Bugungi kunda Aziza Rajabova Nyu-York shahrining Manhetten hududidagi nufuzli yuridik firmada faoliyat yuritmoqda. Uning sun’iy intellekt, ma’lumotlar xavfsizligi va inson huquqlariga bag‘ishlangan qator ilmiy maqolalari xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda.
Uning fikricha, raqamli davrda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish faqat mahalliy emas, balki xalqaro huquqiy hamkorlikni talab qiladi. Shu bois u sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni inson huquqlari nuqtayi nazaridan huquqiy tartibga solish masalalari ustida ish olib bormoqda.
Aziza Rajabova bugungi kunda Jizzaxdan yetishib chiqqan, xalqaro huquq, data privacy va AI huquqi sohasida o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan yosh mutaxassis sifatida e’tirof etilmoqda.
