XORIJIY MAMLAKATLAR DELEGATSIYASI JIZZAX VILOYATIDA
2026-04-02 08:20:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli anjuman sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Forum doirasida Germaniya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur, Birlashgan Arab Amirliklari, shuningdek, qo‘shni davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, hududning sanoat va investitsiya salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Zomin tumanida barpo etilgan “Zomin Texnoparki” maxsus sanoat zonasiga tashrif buyurishdi. Ta’kidlanganidek, mazkur hudud davlat rahbari tashabbusi bilan 400 gektar maydonda tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda umumiy qiymati 1,2 milliard dollarga teng 31 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Loyihalar ikki bosqichda hayotga tatbiq etilmoqda. Birinchi bosqichda 152 gektar maydonda 12 ta zamonaviy sanoat korxonalari qurilishi jadal olib borilmoqda. Barcha infratuzilma — elektr, gaz, suv ta’minoti, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari davlat tomonidan barpo etilgani investorlar uchun qulay sharoit yaratayotgani qayd etildi.
Shuningdek, investorlar uchun soliq imtiyozlari tizimi joriy qilingani alohida e’tiborga molik. Jumladan, 3 million dollardan ortiq investitsiya kiritgan tadbirkorlar 3 yilgacha, 5 million dollar sarmoya kiritganlar 5 yilgacha, 7 million dollar va undan ziyod mablag‘ yo‘naltirgan investorlar esa 10 yilgacha soliqlardan ozod etiladi.
Ayni paytda texnopark hududida 3 ta korxona ishga tushirilgan. Ular qurilish materiallari, maishiy texnika va alyuminiy profillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, 240 nafardan ortiq aholi doimiy ish bilan ta’minlangan. Yil yakuniga qadar yana 10 ta zavod ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Barcha loyihalar to‘liq amalga oshirilganda esa 25 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shundan so‘ng mehmonlar Zominda joylashgan yirik maishiy texnika ishlab chiqaruvchi “Artel Electronics” korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Korxona kir yuvish mashinalari, muzlatgichlar va televizorlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, o‘nlab ishlab chiqarish liniyalari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda yuzlab yoshlar doimiy ish bilan ta’minlangani sanoatning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya a’zolari Jizzax shahridagi “Iruskon” qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasiga tashrif buyurdi. Ushbu korxona “Deya” brendi ostida 200 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqaradi va ularni 20 dan ziyod davlatga eksport qiladi.
10 gektar maydonda joylashgan fabrika yiliga 12 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, hozirda 350 nafar, asosan xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan. Yaqin istiqbolda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
— O‘zbekiston haqida avval ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumot olgan edim, — deydi Germaniya vakili Gesta Magen. — Bu yerga kelib, mamlakatning sanoat salohiyati, iqtisodiy o‘sish sur’atlari va insonlarning mehmondo‘stligini ko‘rib, katta taassurot oldim. Ishonchim komilki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi.
Tashrifning so‘nggi manzili Jizzaxdagi “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi bo‘ldi. Mazkur korxonada yengil avtomobillar zamonaviy texnologiyalar asosida yig‘ilmoqda. Loyiha doirasida xorijiy hamkorlar, jumladan, Xitoyning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Korxona qisqa vaqt ichida 58 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarib, 19,3 trillion so‘mlik mahsulot tayyorladi. Ayni paytda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar ichki bozor bilan bir qatorda eksportga ham yo‘naltirilmoqda.
