Aydar-Arnasoy ko‘llar tomonga ketadigan temiryo‘l qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda
2026-03-12 09:00:00 / Yangiliklar

Xususan, davlat rahbari tomonidan Aydar-Arnasoy hududining transport jihatdan qulayligini ta’minlash, sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida Do‘stlik tumanidan ko‘llar tizimi tomon yangi temiryo‘l liniyasini tortish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida qurilish ishlari boshlandi.
Loyihaga ko‘ra, yangi temiryo‘l liniyasining umumiy uzunligi 39,1 kilometrni tashkil etadi. Qurilish ishlarining umumiy qiymati 508,4 milliard so‘m etib belgilangan. Yirik infratuzilmaviy loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda temiryo‘l trassasining asosiy qismini tayyorlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Qurilish jarayonida karyerlardan tuproq olib kelinib, temiryo‘l poydevori shakllantirilmoqda, maxsus texnikalar yordamida uni mustahkamlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Loyihani ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonida hududning istiqbolli rivojlanish omillari ham inobatga olindi. Xususan, Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov “Toshtemiryo‘lloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari bilan uchrashib, Do‘stlik bekati hamda Aydar-Arnasoy ko‘llarini bog‘lovchi temiryo‘l loyihasi bilan atroflicha tanishdi. Uchrashuvda bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida loyiha yanada takomillashtirilib, tasdiqlandi.
Mazkur temiryo‘l liniyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar doirasida hududlar iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, qurilish jarayonida va kelgusida temiryo‘l infratuzilmasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi orqali yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligini ta’minlash imkoniyatlari kengayadi.
Mutaxassislar fikricha, yangi temiryo‘l liniyasi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida turizmni jadal rivojlantirish, sayyohlar oqimini oshirish va hududda zamonaviy servis infratuzilmasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
