Jizzaxda maktab va maktabgacha ta’lim sohasi rivojlantiriladi
2026-02-24 09:05:00 / Yangiliklar

Joriy dasturga muvofiq, maktabgacha ta’lim sohasida 11 ta davlat, 2 ta xususiy, 12 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi hamda 86 ta oilaviy bog‘cha tashkil etiladi. Natijada 6 750 ta qo‘shimcha quvvat yaratiladi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar orqali maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 76,7 foizdan 85 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Bu esa bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Umumta’lim maktablari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 20 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi. Shuningdek, 3 ta yangi maktab binosi barpo etiladi.
Belgilangan vazifalardan yana biri — maktab bitiruvchilarining davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichini 50 foizga yetkazishdir. Bu orqali yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishi va raqobatbardoshligi oshiriladi. 2026-yilda mehnat bozoriga kirib keladigan 18 345 nafar bitiruvchining bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.
Bu borada kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish va yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Yoshlar daftari” orqali 5 000 nafar yoshlarning turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish choralari ko‘riladi. Mazkur mexanizm yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning samarali vositasi sifatida xizmat qilmoqda. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etiladigan tanlov va musobaqalarda 520 ming nafar yoshlarni qamrab olish rejalashtirilgan.
Bu orqali yoshlarning sport, madaniyat, san’at va intellektual salohiyatini rivojlantirishga keng imkoniyat yaratiladi.
Jizzax viloyatida ta’lim va yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar hududning intellektual va ijtimoiy taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
