Fujayrada Jizzaxlik taekvondochilar muvofaqiyatli ishtirok etdi
2026-02-12 08:00:00 / Yangiliklar

Dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyurgan 2 mingdan ortiq mahoratli sportchilar ishtirok etgan ushbu musobaqada yurtdoshlarimiz munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etishdi. Turnir, ayniqsa, iste’dodli yoshlar uchun katta mahorat maktabi vazifasini o‘tadi.
Murosasiz bellashuvlar yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 7 ta oltin, 6 ta kumush va 13 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Bu esa mamlakatimizda taekvondo sport turi izchil rivojlanib, yoshlar orasida ommalashib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Quvonarlisi, ushbu yutuqlarda jizzaxlik iqtidorli sportchilarning ham munosib hissasi bor. Yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Shermuhammadxon Qahhorov (48 kg) va Odina Jo‘raboyeva (55 kg) chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarda E’zoza Shuhratova (51 kg) hamda Odina Qaysarova (33 kg) bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Chempion bo‘lgan sportchilarimiz sharafiga Fujayra sport majmuasida O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilib, davlat madhiyamiz baralla yangradi.
Bu g‘alabalar yurtimiz sportining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
