Jizzaxda “Tez yordam” xizmatini raqamlashtirish natijasida tezkorlik va samaradorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2026-02-03 08:30:00 / Yangiliklar

Murojaatni qabul qilishdan tortib, tezkor brigadalarning chaqiruv manziliga yetib borish vaqti keskin qisqarib, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari kengaydi.
Filialda Metadata-2 dasturi mahalliylashtirilib, elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etildi. Natijada brigadalarning chaqiruvga yetib borish vaqti avvalgi 25–30 daqiqadan 10–15 daqiqagacha qisqardi. Murojaatni qabul qilishdan brigadaning yo‘lga chiqish muddati esa bor-yo‘g‘i 1 daqiqani tashkil etmoqda.
Bu ko‘rsatkichlar og‘ir holatlarda inson hayotini saqlab qolishda juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Raqamlashtirish orqali butun jarayon — murojaatchining ovozli xabari, bemorga qo‘yilgan tashxis va berilgan dori vositalari haqidagi ma’lumotlar saqlanib, ularni onlayn tarzda kuzatish imkoniyati yaratildi.
Yaqinda Yandex platformasi bilan hamkorlikda og‘ir reanimatsion holatlarda chaqiruvlarga xizmat ko‘rsatish vaqti va masofani onlayn nazorat qilish tizimi ham ishga tushirildi.
Bugungi kunda filialda haydovchi, hamshira va shifokorlardan iborat 3 250 nafar xodim 124 ta guruh tarkibida faoliyat yuritmoqda. Viloyat bo‘yicha 70 ta binoda joylashgan tez tibbiy yordam bo‘limlari uzluksiz aloqa, yoqilg‘i va elektr ta’minoti bilan ta’minlangan. Chunki murojaatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bir kunda o‘rtacha 2 500 ta chaqiruv qabul qilinsa, mavsumiy kasalliklar avj olgan davrlarda bu ko‘rsatkich 3 800 tagacha yetadi. Faqat 2025-yilning o‘zida Jizzax viloyatida “Tez yordam” xizmatiga 561 894 ta murojaat kelib tushgan.
Ayni paytda filial ixtiyorida 10 ta Ford va 2 ta Volkswagen rusumli tez tibbiy yordam avtomashinalari mavjud. Joriy yilda olis va tog‘li hududlar uchun qo‘shimcha 8 ta yo‘ltanlamas avtomashina olib kelish rejalashtirilgan.
Shuningdek, fuqarolar uchun yana bir qulaylik joriy etildi: kechayu kunduz ishlaydigan ikki post tashkil qilinib, “103” raqami orqali shifokor maslahatini olish imkoniyati yaratildi.
Shu tariqa, Jizzax viloyatida tez tibbiy yordam xizmatida olib borilayotgan raqamlashtirish jarayonlari aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, inson hayotini asrash va soha faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga xizmat qilmoqda.
