Qashqadaryo viloyatida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasidagi kompleks targʻibot tadbirlari munosabati bilan ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va blogerlar uchun matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
2025-11-06 13:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 1-30-noyabr kunlari respublika miqyosida oʻtkazilayotgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” kompleks targʻibot tadbirlari munosabati bilan viloyat Jurnalistlar uyida ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar uchun Matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Matbuot anjumanida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, boshqarma Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari, korxona va tashkilotlar axborot xizmatlari rahbarlari, bankirlar, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Abduvoxid Ismoilov soʻz olib, rivojlanib borayotgan axborot asrida, hayotimizning barcha jabhalarida kompyuter va raqamli texnologiyalar muhim ahamiyat kasb etayotganini bildirdi.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, respublika miqyosida har yilning noyabr oyida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” oʻtkazilishi belgilangan.
Qaror asosida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-sentyabrdagi dasturi hamda Qashqadaryo viloyat hokimining 2025-yil 1-noyabrdagi farmoyishi qabul qilinib, barcha davlat organlari va tashkilotlariga, turli soha va yoʻnalishlarga aniq vazifalar yuklatildi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” kompleks profilaktik targʻibot tadbirlari doirasida barcha korxona va tashkilotlar, mahallalar, taʼlim dargohlarida hamkorlikda targʻibot ishlarini amalga oshirib, amaliy-uslubiy tadbirlarni keng miqyosda oʻtkazib kelmoqda.
Kiberjinoyatlarni oldini olish hamda aholini kiberolamdagi tahdidlar, jinoyatlardan himoyalash va immunitetini oshirishga barcha oʻz hissasini qoʻshsa bu turdagi jinoyatlarni oldi olinishi shubhasizligi taʼkidlandi.
Yakunda ishtirokchilarning savollariga atroflicha javoblar berildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati







