Buxoro viloyati IIB rahbariyati xalqaro voleybol musobaqalariga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi
2025-11-06 13:25:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda sportni, ayniqsa sportning voleybol turini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi “Voleybol sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 274-sonli qarori muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjatga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi voleybol sportini keng ommalashtirish, sportchilarni ragʻbatlantirish hamda yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish boʻyicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Shu maʼnoda, voleybol boʻyicha joriy yilning noyabr–dekabr oylarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan xalqaro musobaqalarga Buxoro viloyati terma jamoasi aʼzolarining tayyorgarlik jarayonlari ham qizgʻin davom etmoqda.
Terma jamoaga saralash va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.
Buxoro viloyati IIB boshligʻi Buxoro shahridagi “Universal” sport majmuasida oʻtkazilayotgan mashgʻulotlar jarayonini bevosita koʻzdan kechirdi.
U sportchilar, ayniqsa, yoshlar bilan samimiy suhbatlashib, ularning tayyorgarligini, ruhiy holatini oʻrganib chiqdi.
Muloqot davomida yosh voleybolchilarga oʻz ustida muntazam ishlash, qatʼiyat va mehnatsevarlik bilan harakat qilish zarurligi haqida hayotiy va motivatsion fikrlar bildirib, ularni yuksak natijalarga intilishga undadi.
Ichki ishlar organlari tomonidan sport sohasiga berilayotgan bunday eʼtibor bejiz emas. Chunki sogʻlom tan va sogʻlom fikr — nafaqat kuchli sportchi, balki vatanparvar, intizomli, masʼuliyatli shaxsni tarbiyalaydi.
Shu bois, yurtimizda voleybol musobaqalari muntazam oʻtkazilib, yoshlar oʻrtasida jismoniy tayyorgarlikni mustahkamlash, jamoaviy ruhni kuchaytirish va sogʻlom hayot tarzini targʻib etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









