Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi poytaxtning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida oʻrganishlar olib bordi
2025-11-06 01:00:00 / Yangiliklar

Xususan, Toshkent shahar hokimiyatida tashkil etilgan, poytaxt hududida siyosiy va madaniy tadbirlarini tashkil etish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish, shuningdek hududni chiqindilardan tozalash va sanitar ozodalikni taʼminlash boʻyicha tuzilgan “Ishchi guruh” faoliyati bilan tanishildi.
Tadbir davomida, Chilonzor tumanidagi kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan “Dilobod” mahallasida jinoyatlarni barvaqt oldini olish yuzasidan tashkil etilgan ishlar boʻyicha mahalla yettiligi faoliyati oʻrganilib, “Raqamli xavfsiz Chilonzor“ platformasining taqdimoti bilan tanishildi. Jarayonda hududda ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, xavfsiz muhit yaratish hamda aholini dolzarb muammolarini hal etish borasida masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tumanning “Beshchinor” mahallasida joylashgan 336-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, issiqlik va elektr energiya bilan uzluksiz taʼminlanganligi hamda avariyaviy yoki boshqa favqulodda holatlar yuzaga kelishini oldini olish va bartaraf etish choralari oʻrganildi.
Shuningdek, “Katta Qozirabod” mahallasida joylashgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi tomonidan aholiga sifatli va favqulodda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Muassasa binosining issiqlik va elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlanishi, shuningdek, turli nosozliklarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan masʼullarning axborotlari tinglandi.
Uchtepa tumanida olib borilgan oʻrganishlar davomida “Guzar” mahallasida joylashgan “Scopus Mall” zamonaviy koʻngil ochar, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasida aholiga xizmat koʻrsatish sharoitlari, maskanda xizmatni tashkil etish hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash holati bilan tanishildi.
Tadbir jarayonida tuman hududiga xizmat koʻrsatuvchi “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ 5-sonli issiqlik markazi faoliyati bilan tanishish jarayonida, ijtimoiy soha obyektlarini va aholi turar joylarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, aholiga xizmat koʻrsatish ahvoli oʻrganildi hamda masʼullarga bu borada tegishli koʻrsatmalar berildi.
“Shirin” mahallasida joylashgan “Uchtepa-Shirin” Boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati, ijtimoiy soha obyektlari va aholi turar-joylarini texnik holatini nazorat qilish va mulkdorlarga sifatli servis va kommunal xizmat koʻrsatish sohasidagi ishlar oʻrganildi.
Mazkur tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida davom etmoqda.









