Buxoro viloyati hokimi rahbarligida jinoyatchilik holati va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari yuzasidan tahliliy-tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi
2025-11-04 11:40:00 / Yangiliklar

Yigʻilishda viloyat hokimining oʻrinbosarlari, tuman va shahar hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat idoralari, tegishli boshqarmalar rahbarlari hamda “mahalla yettiligi” vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ–1-sonli qarori ijrosi doirasida hududlarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar tinglandi.
Shuningdek, viloyat hududida sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar tahlil qilinib, ularning sabablari hamda ularni keltirib chiqargan omillar atroflicha oʻrganildi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan, Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻz maʼruzasida 2025-yilning 10 oyi davomida jinoyatchilik holati, jinoyatlarning xavflilik darajasi hamda ularning oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil axborot berdi.
Hisobot davrida viloyatda oʻtgan yilga nisbatan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar soni kamayganligi, 312 ta (60 foiz) mahallalarda umuman jinoyat sodir etilmaganligi, yana 174 ta (34 foiz) mahallalarda jinoyatlar soni kamayganligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda, ayniqsa, ayollar va yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi huquqbuzarliklar hamda giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq holatlar boʻyicha tanqidiy tahlillar oʻtkazildi. Ayrim tuman va shahar rahbarlarining bu boradagi sustkashligi, masalaga faqat hisobot uchun yondashayotganligi keskin tanqid qilindi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov yoshlar bilan tizimli ishlash, “mahalla yettiligi” faoliyatini kuchaytirish, jamoat xavfsizligini taʼminlashda masʼullar oʻrtasida aniq hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, jinoyat sodir etgan fuqarolarning ijtimoiy reabilitatsiyasi, ularni jamiyatga qayta moslashtirish, ish bilan taʼminlash va ruhiy qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilish yakunida, masʼullarga jinoyatchilikni kamaytirish, ijtimoiy profilaktika tizimini kuchaytirish, ayollar va yoshlar oʻrtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









