Sportni sev, sport bilan yasha. Aralash jang sanʼati (MMA) Yangi bosqichga koʻtariladi
2025-10-21 23:00:00 / Yangiliklar

Baʼzilar MMAni noqonuniy tashkillashtiriladigan, hech qanday qonun-qoidalarga asoslanmagan, hatto oxiri oʻlimgacha davom etadigan koʻcha, qafas janglari yoki boshqa taqiqlangan yoʻnalishlar bilan adashtirishadi. Bu mutlaqo notoʻgʻri. Aslida MMA (inglizcha Mixed Martial Arts) alohida sport turi boʻlib, “aralash jang sanʼatlari”, “aralash yakkakurash” deb talqin qilinib, turli jang sanʼati texnikalarini oʻz ichiga umumlashtiradi. MMA atamasi ilk bor aralash sport turlari hakami, sobiq politsiya xodimi Jon Makkarti tomonidan qoʻllanilgan.
Aralash jang sanʼati uzoq tarixga ega va u qadimgi Xitoyga borib taqaladi. Zamonaviy MMA tarixi esa XIX asr oxirlaridan boshlanadi. Bu davrda MMA aniq bir qoidalarga ega boʻlmagan. Osiyo davlatlari va Amerikada turli formatdagi aralash jang sanʼati doirasida musobaqalar tashkil qilinib borilgan. Yillar oʻtishi bilan ushbu sport turi rivojlanib boraverishi natijasida oʻzining aniq qoidalari ham shakllandi. Yaʼni, MMAda jang qoidalari qoʻl, oyoq zarbalari, kurash va ogʻritish usullarini oʻz ichiga oladi. Janglar 3-5 raundlar orasida 1 daqiqa tanaffus bilan har bir raund 5 daqiqa davom etadi.
Jangda gʻalabaga odatda belgilangan vaqt oʻtgandan keyin hakamlarning qarori, hakamning toʻxtatishi (masalan, agar raqib oʻzini himoya qila olmasa) yoki shifokor xulosasi (jarohat tufayli) bilan erishiladi. Boshqa vaziyatlarda esa raqibni boʻysundirish, nokaut, texnik nokaut yoki jangchilar murabbiylarining jangni toʻxtatish boʻyicha soʻrovi bilan jang gʻolibi aniqlanadi.
Oʻzbekistonda MMA assotsiatsiyasi 2019-yil tashkil topgan boʻlib, unga qadar professional sportchilarimiz asosan xorijda oʻz janglarini oʻtkazishgan. Ushbu sport turi boʻyicha mamlakatimizdan chiqqan ilk qaldirgʻochlar Sunnat Ilyasov, Gulbahor Amantayeva, Ayubxon Kamolovlar boʻlishgan. Gulbahor Amantayeva — isteʼfodagi podpolkovnik. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi hamda professionallar oʻrtasida MMA boʻyicha Xalqaro toifadagi sport ustasi hisoblanadi. U MMA, Kikboksing va Pankration kabi yoʻnalishlarda koʻplab xalqaro musobaqalar gʻolibasidir.
Sunnat Ilyasov esa birinchi jahon chempioni hisoblanadi. Rasman assotsiatsiya tashkil etilgandan buyon Oʻzbekistonda ham havaskor va professional yoʻnalishlarda musobaqalar oʻtkazila boshlandi.
Shuningdek, terma jamoa sifatida Xalqaro musobaqalarda ham ishtirok etish odatiy holga aylandi. Quvonarlisi, oʻtgan 5-yil mobaynida havaskor terma jamoamiz jahonning eng kuchli jamoalaridan biriga aylana oldi. Oʻtgan yili poytaxtimiz Toshkent shahri mezbonlik qilgan kattalar oʻrtasidagi aralash jang sanʼati turlari boʻyicha jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Hamyurtlarimiz murosasiz bahslar davomida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 8 ta bronza medallariga sazovor boʻlishdi. Joriy yildagi katta yutuqlardan misol keltiradigan boʻlsak, Gruziyaning Tbilisi shahrida oʻtgan jahon chempionatida 2 ta oltin va 3 ta bronza medallari qoʻlga kiritildi.
Bundan tashqari, professional sportchilarimiz ham jahonning eng nufuzli promoushenlarida faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Nursulton Roʻziboyev oʻrta vazn (83,9 kg)da jahonning TOP-10 talik jangchilari qatoriga qoʻshilish arafasida, yarim ogʻir vazn (93 kg)da Bogdan Guskov allaqachon TOP-10 reytingdan oʻrin olgan. Super yengil vazn (56,7 kg) da Ramazon Temirov ham ushbu marrani zabt etib ulgurgan.
Shuningdek, Xotam Boynazarov yarim oʻrta (77,1 kg) vazn toifasida yana bir nufuzli promoushen UAE Warriors chempioni hisoblanadi. Havaskorlar oʻrtasida Asrorbek Anvarjonov va Zafarbek Asatov ikki karra jahon chempioni boʻlishga erishgan. Bir soʻz bilan aytganda qisqa muddatda ulkan yutuqlar qayd etilmoqda.
Yaqinda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov Oʻzbekiston MMA assotsiatsiyasi raisi etib saylandi. Undan avval assotsiatsiyaga DXX raisi, general-polkovnik Bahodir Qurbonov va Osiyo Olimpiya kengashining Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Otabek Umarov ham raislik qilgan.
Taʼkidlash joizki, A.Tashpulatov ayni paytda Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi raisi hamdir. Assotsiatsiyaning yangi raisi mamlakatimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirish, sportchilarga qator imkoniyatlar va xalqaro musobaqalarda ishtirok etishlarida har tomonlama koʻmak berilishini, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari ham oʻz hududlarida ushbu yoʻnalishga alohida eʼtibor qaratishini maʼlum qildi.
Bir soʻz bilan aytganda yurtimizda ushbu sport turining taraqqiyoti butunlay yangi bosqichga koʻtariladi.
Taʼkidlash joizki, hozirda mamlakatimizning qator hududlarida MMA boʻlimlari faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, Buxoro, Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida qiziqish nihoyatda yuqori.
Ushbu sport turi bilan koʻplab ichki ishlar organlari xodimlari va kursantlar ham muntazam shugʻullanib, yuqori natijalar qayd etib kelishmoqda.
Jumladan, Guliston shahrida oʻtkazilib, qoʻshni Qirgʻiz Respublikasi, Qozogʻiston, Tojikiston va Ozarbayjondan kelgan MMA ustalari qatnashgan turnirda oktagonga koʻtarilgan vakillarimiz orasida IIV akademiyasi 2-bosqich kursanti, safdor Mahmudjon Davurovning jangi ham tomoshabop oʻtdi.
Ozarbayjonlik Nematli Xatai bilan jang qilgan sportchimiz ikkinchi raunddayoq raqibini nokautga uchratib, bayrogʻimizni boshi uzra baland koʻtardi.
Sportchi xodimlar va ularning yutuqlari borasida kelgusi sonlarda ham muntazam yoritib boriladi.
©️ “Postda” gazetasi, Abror Poyonov.
