Yuksak mukofot sohiblari. Fidoyilik qadr topadi
2025-10-20 20:10:00 / Yangiliklar

Shofirkon tumanida tavallud topgan Abduxalil besh farzandning oʻrtanchasi boʻlib, ota-onasining namunali tarbiyasi tufayli yaxshiliklarni oʻzgalardan ayamasligi, qatʼiyatli va izlanuvchanligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Qolaversa, otasi Rustam akaga bolaligidanoq oʻxshashga harakat qilishi va kasbining davomchisi boʻlish niyati uni IIV Akademiyasiga yetakladi.
Xizmat faoliyatini 2007-yilda boshlagan Abduxalil Nosirov koʻplab ustozlardan soha sirlarini puxta oʻrganib, tajribalarini boyitib bordi. Viloyat IIB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi katta tezkor vakili hamda Gʻijduvon tumani IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari kabi masʼuliyatli lavozimlarda samarali xizmat qilib, el-yurt osoyishtaligini taʼminlashga, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga munosib hissa qoʻshdi. Koʻplab yosh xodimlarga ustozlik qildi, soha sirlarini oʻrgatdi.
Bevosita uning rahbarligida joriy yilning oʻtgan oylari davomida bezorilik, yengil tan jarohati yetkazish, oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazish, yoʻl-transport hodisalari, qolaversa, muqaddam sudlanganlar, ayollar va yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilishi keskin kamayishiga erishildi. Ogʻir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish, avtomashina olib qochish, bosqinchilik va talonchilik kabi jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi. Tuman IIB xodimlari olib borgan profilaktik-targʻibot ishlari samarasi oʻlaroq mast holdagi shaxslar va ishsizlar tomonidan jinoyat sodir etilmadi. Ayni paytda giyohvandlik bilan bogʻliq 21 ta, poraxoʻrlik bilan bogʻliq 6 ta va ekstremizm bilan bogʻliq 2 ta jinoyat fosh etilishiga erishildi. Bundan tashqari, 1 ta maʼmuriy nazorat qoidasini buzish va 8 ta noqonuniy ov qurolini saqlash bilan bogʻliq boʻlgan jinoiy holatlar aniqlandi.
Podpolkovnik Abduxalil Nosirov xizmat faoliyati davomida tinchlik-barqarorlik, xavfsizlikni taʼminlash borasida koʻplab maxsus tadbirlarda faol qatnashdi. Ayni paytda «qizil» toifadagi mahallalarni xavfsiz hududga aylantirish maqsadida tuman IIB va huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamjihatlikda manzilli ishlarni olib bormoqda.
— Otam rahmatli «Oʻgʻlim, halol xizmat qil. Vaqti kelib, davlat rahbarining oʻzi koʻksingga orden va medal taqib qoʻyadi», — deya orzu qilardi. Demak, yaxshi niyat hamisha roʻyobga chiqarkan, niyatga koʻp narsa bogʻliq ekan, — deydi Abduxalil Nosirov gʻururlanib. — Qanday yutuqqa erishmayin, barchasining zamirida men bilan yonma-yon xizmat qilayotgan, qoʻllab-quvvatlab turgan hamkasblarim va ustozlarim, ayniqsa, isteʼfodagi podpolkovniklar Toʻlqin Razzoqov, Faxriddin Fattoyev va Yunus Joʻrayevlarning hissasi katta. Kelgusidagi xizmatimda ham yurtimga sadoqat bilan xizmat qilaman.
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Buxoro viloyati
