Ichki ishlar organlari xodimlarining salomatligi – xizmat samaradorligining kafolatidir. Buxoro viloyati IIB Tibbiyot boʻlimi qoshidagi gospital kapital taʼmirlanib foydalanishga topshirildi
2025-10-24 12:00:00 / Yangiliklar

Salomatlik har birimizning ulkan boyligimiz. Xizmat faoliyati murakkab sohalardan biri hisoblangan ichki ishlar organlari xodimlarini salomatligini nazorat qilib borish, ularning sogʻliqlaridagi muammolarga toʻgʻri tashxis qoʻyish va muolaja qilish maqsadida hududiy ichki ishlar organlarining tibbiyot boʻlimi mutaxassis shifokorlari har bir hududda faoliyat olib borishmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Buxoroga tashrifi doirasida kapital taʼmirdan soʻng qayta foydalanishga topshirilgan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Tibbiyot boʻlimi qoshidagi gospitalning ochilish tadbirida ishtirok yetdi. Tadbirda viloyat hokimi, ichki ishlar organlari va sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari hamda soha faxriylari qatnashib, soʻngi yillarda Davlatimiz rahbari tomonidan fuqarolar salomatligi va xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilgan chuqur islohotlarning bugungi samaralari haqida eʼtirof etdilar.
Mazkur tibbiyot maskani dastlab 1978-yilda tashkil etilgan boʻlib, kapital taʼmirlash ishlari natijasida binoning qiyofasi, energetika tizimlari, shuningdek, laboratoriya, fizioterapiya, oshxona, ovqatlanish zallari va dam olish maskanlari toʻliq yangilandi.
Taʼmirdan soʻng gospitalning sigʻimi 80 oʻrindan 100 oʻringa oshirildi. Muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan toʻliq jihozlandi, endilikda ushbu maskanda 50 oʻrinli terapiya, 40 oʻrinli nevrologiya va 10 oʻrinli psixosomatik boʻlimlar faoliyat yuritadi.
Tadbir ishtirokchilari yangi gospitalda yaratilgan sharoitlar, tibbiy xizmat sifati va ish samaradorligini oshirish choralari bilan tanishish chogʻida, masʼullar bilan xodimlarning sogʻligʻini muhofaza qilish, malakali tibbiy yordam koʻrsatish va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Tadbir soʻngida, Buxoro viloyati IIB Tibbiyot boʻlimi gospitali boshligʻi, leytenant Hafizova Parvina Normurodovna xizmatga masʼuliyat bilan yondashganligi, tashabbuskorligi, tibbiy faoliyatni toʻgʻri tashkil etganligi va xodimlar uchun munosib shart-sharoit yaratganligi uchun Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan navbatdan tashqari katta leytenant maxsus unvoni bilan taqdirlandi.









