Oʻzbekiston Aralash jang sanʼati (MMA) sohasida hamkorlik va tajriba almashinuvi: aralash jang sanʼati faxriy ustasi Xabib Nurmagomedovning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida uchrashuvlar oʻtkazildi
2025-10-15 11:00:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida faxriy mehmon uyushmaning rasmiy manzilgohi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Jar” sport majmuasida tashkil etilgan markaziy idora faoliyati bilan tanishdi.
Majmuada taniqli sport arbobini Oʻzbekiston Aralash jang sanʼati assotsiatsiyasi raisi Aziz Tashpulatov, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari hamda Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov, Oʻzbekiston Aralash jang sanʼati assotsiatsiyasi rahbariyati, Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiylari hamda sportchilar kutib oldilar.
Tadbir jarayonida mehmonlar yurtimizdagi aralash jang sanʼati faoliyati, “Jar” sport majmuasida sportchilarning tayyorgarlik jarayoni va yaratilgan infratuzilma bilan yaqindan tanishtirilib, mamlakatimizda mazkur sport sohasini yanada rivojlantirish va aralash jang sanʼatini ommalashtirish hamda xalqaro tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xabib Nurmagomedov oʻz tajribasidan kelib chiqib, sportchilarni professional tayyorlash boʻyicha tavsiyalar berdi va Oʻzbekistonda sport salohiyati yuqori ekanini alohida taʼkidladi.
“Hozirgi kunda Oʻzbekiston boks sportida dunyoda yetakchilik qilib, eng koʻp oltin medallarni qoʻlga kiritayotgan davlat sifatida timsollanib kelmoqda. Ishonamanki, agar oʻzbekistonlik yoshlarga boshqa sport turlarida, xususan aralash jang sanʼatida sharoit yaratilib, toʻgʻri yoʻnalish berilsa, yaqin kelajakda dunyo sahnasida kuchli sportchilar orasida yetakchilik qilishadi“, — dedi Nurmugamedov uchrashuv chogʻida.
Uchrashuvda aralash jang sanʼati boʻyicha oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari tashkil etish, xalqaro musobaqalar oʻtkazish hamda soha yoʻnalishida murabbiy va hakamlar malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqish kabi tashabbuslar rejalashtirildi.
Shuningdek, Xabib Nurmagomedov yosh sportchilar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Ularga motivatsion, tashabbusga undovchi nutq soʻzlab, shaxsiy tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Bu tashrif nafaqat aralash jang sanʼati, balki umumiy sport salohiyatini oshirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega boʻldi.






