Ichki ishlar vazirligi va “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi
2025-10-08 18:55:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 8-oktyabr kuni “Kiberxavfsizlik sammiti – Markaziy Yevroosiyo, CSS 2025” doirasida Ichki ishlar vazirligi va “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi oʻrtasida kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.
Memorandum doirasida tomonlar kiberxavfsizlik hodisalarini aniqlash, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar. Shuningdek, kiberjinoyatlarni barvaqt oldini olish va fosh etish, axborot tizimlarini ichki tekshiruvdan oʻtkazish hamda sohadagi normativ bazani mustahkamlash muhim yoʻnalish sifatida belgilandi.
Memorandum tomonlarning oʻzaro tajriba almashish, ilgʻor texnologiyalardan foydalanish hamda muammolarni birgalikda hal qilish boʻyicha keng imkoniyatlarni ochib beradi.
Ushbu memorandum kiberxavfsizlik sohasidagi milliy salohiyatni oshirish, yangi tashabbuslarni amalga oshirish va davlat axborot resurslarining barqaror ishlashini taʼminlash yoʻlida muhim qadam boʻldi.


