Ichki ishlar organlarida jismoniy va jangovar tayyorgarlik tizimi takomillashtirilmoqda
2025-09-10 13:15:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida jismoniy va jangovar tayyorgarlikni takomillashtirish masalasiga bagʻishlangan muhim yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov ishtirok etdi va yigʻilish ishtirokchilariga yangi tashabbusning mazmun-mohiyati hamda ustuvor vazifalarni atroflicha tushuntirdi.
Tadbirda belgilanganidek, jismoniy va jangovar tayyorgarlikni zamonaviy standartlar asosida qayta tashkil etish, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish hamda ularning xizmatga layoqatini baholashda raqamli nazorat tizimini joriy etish muhim vazifalar qatorida belgilanmoqda. Bu tizim orqali yil davomida mashgʻulotlar tashkil etilib, 1-oktyabrdan 30-dekabrgacha sinovlar oʻtkaziladi va natijalarga koʻra lavozimga koʻtarish yoki intizomiy choralar koʻrish mumkin boʻladi.
Yigʻilishda sport sohasidagi ilgʻor tajribalarni ichki ishlar organlarida joriy etish, xodimlarning shaxsiy va kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy takliflar muhokama qilindi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Sport vaziri oʻrinbosari, vazirlikning masʼul xodimlari hamda quyidagi sport tashkilotlari rahbarlari va vakillari faol ishtirok etdilar:
- Oʻzbekiston Dzyudo federatsiyasi;
- Oʻzbekiston Sambo assotsiatsiyasi;
- Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi;
- Huquqni muhofaza qilish organlarining qoʻl jangi federatsiyasi;
- Oʻzbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasi.
Ushbu tashkilotlar tomonidan jismoniy tayyorgarlik va jangovar mashgʻulotlarni tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatish, zamonaviy metodikalar va sport anjomlari bilan taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha takliflar ilgari surildi.
General-mayor Davron Nazarmuxamedov soʻzga chiqar ekan, hozirgi kunda ichki ishlar xodimi nafaqat nazariy bilimga, balki yuqori jismoniy tayyorgarlik va tezkor holatlarda toʻgʻri qaror qabul qilish qobiliyatiga ega boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Shu bilan birga, sport bilan mustaqil shugʻullanish imkoniyatlarini kengaytirish, qurollardan xavfsiz foydalanish va jismoniy kuch ishlatish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar ham tashkil etilishi kerakligi aytib oʻtildi.
Yangi tizim ichki ishlar organlari xodimlari salohiyatini oshirish, ularning motivatsiyasini yuksaltirish va xizmat samaradorligini taʼminlashda muhim omil boʻladi. Shu orqali jamiyat xavfsizligini mustahkamlash va fuqarolarga sifatli xizmat koʻrsatish darajasi yanada yuksaladi.


