Interpol Toshkent va Anqara Milliy markaziy byurolarining oʻzaro hamkorligi ijobiy natija berdi — bir reysda Turkiyadan Oʻzbekistonga olti nafar qidiruvdagi jinoyatchi olib kelindi
2025-09-04 13:45:00 / Yangiliklar

Axborot almashinuvi va qoʻshma tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, shuningdek, Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti – Interpol tomonidan oʻtkazilgan tadbirlar doirasidagi uchrashuvlarda Toshkent va Anqara Milliy markaziy byurolari oʻrtasida ilgari erishilgan kelishuvlar asosida, Anqara Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlarining bevosita koʻmagida, xalqaro miqyosda qidiruvda boʻlgan olti nafar jinoyatchi topshirildi. Ular turli jinoyatlar, jumladan, odam savdosi, oʻta yirik miqdordagi firibgarlik va boshqa ogʻir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Jinoyatchilar Anqara Interpol Milliy Markaziy Byurosi va Turkiya Respublikasi Jandarmeriyasi xodimlari kuzatuvida olib kelindi.
Olti nafar shaxslarning barchasi keyingi tergov harakatlarini oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston tomoniga – Toshkent Interpol Milliy Markaziy Byurosi hamda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlariga topshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasidagi Interpolning Milliy markaziy byurosi



