Surxondaryo viloyati IIBda “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi
2025-08-27 11:35:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 fevral kunidagi “Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-122 son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 2022 yil 27 aprel kunidagi “Ichki ishlar organlari tizimida “Eng namunali ekspert-kriminalistika jamoasi” va “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” koʻrik-tanlovlarini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi tegishli buyruqlari talablari asosida joriy yilining 19-avgust kuni, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida viloyat IIB hamda shahar-tuman IIB Ekspert-kriminalistika xodimlari oʻrtasida “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi oʻtkazildi.
Ushbu oʻtkazilgan koʻrik tanlov uchta shart asosida tashkil etilib, unda ekspert-kriminalist xodimlarining intellektual salohiyati, jismoniy va jangovar tayyorgarligi hamda xizmatga oid meʼyoriy hujjatlarning yuritilishi boʻyicha yakka tartibdagi suhbatlar asosida oʻtkazildi.
Koʻrik tanlov ishtirokchilari oʻzlarining sohaga oid bilimlari, xizmatga oid tajriba va malakaviy koʻnikmalari test asosida sinaldi. Ikkinchi shartga koʻra AKM avtomatidan va PM pistoletlarining toʻliqsiz qismlarga ajratish va yigʻishga doir malakalarini namoyish qilishdi. Shundan soʻng komissiya aʼzolari ishtirokida ekspertlarning sohaga doir maxsus va kasbiy bilimlariga qay darajada ega ekanliklari, faoliyati davomida erishgan yutuqlari hamda xizmatga oid meʼyoriy hujjatlarning yuritilishi boʻyicha yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi.
Koʻrik tanlov natijalariga koʻra, Termiz shahar IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti katta leytenant Islom Norbekov birinchi oʻringa, Denov tumani IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti Olim Vahobov ikkinchi oʻringa, viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti kapitan Sadriddin Choriyev uchinchi oʻrinni egallab, mazkur uchlik respublika miqyosida oʻtkaziladigan “Eng namunali ekspert kriminalistika jamoasi” koʻrik-tanlovida qatnashish yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Koʻrik tanlov gʻoliblari munosib ravishda taqdirlanishdi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









