IIV akademiyasi kunduzgi taʼlim shaklining “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishida oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar uchun kirish imtihonlari boʻlib oʻtmoqda
2025-08-22 09:15:00 / Yangiliklar

Avvalroq, IIV akademiyasi kunduzgi taʼlim shaklining “raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishiga qoʻshimcha tanlov eʼlon qilingan edi.
Shu kunlarda mazkur yoʻnalishda oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar uchun kirish imtihonlari boʻlib oʻtmoqda. Unda respublikamizning turli hududlaridan kelgan 2 ming nafarga yaqin nomzod qatnashmoqda.
Imtihonlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan iborat ikki bosqichda oʻtkazilmoqda. Nomzodlar tibbiy koʻrikdan ijobiy xulosa olgandan soʻng matematika, informatika, axborot texnologiyalari fanlaridan sinov topshirmoqda. Dastlabki bosqichda yetarli ballarni toʻplagan yoshlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbatda qatnashish imkoni berilmoqda. Shu oʻrinda abituriyentlarning vaqtincha yashashi, ovqatlanishi, imtihonlarga tayyorlanishi uchun yaratilgan qulay sharoitlarni ham aytib oʻtish joiz.
Eslatib oʻtamiz: matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari boʻyicha nufuzli xalqaro, mintaqaviy hamda respublika olimpiadalari sovrindorlari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasining qaroriga koʻra belgilangan qabul kvotalari doirasida, maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz oʻqishga qabul qilinadi. Faqat buning uchun har bir nomzod hududlarda boʻlib oʻtadigan dastlabki tanlov (nomzodni oʻrganish va sogʻligi jihatdan oʻqishga yaroqliligini aniqlash)dan ijobiy oʻtishi lozim.
Kirish imtihonlari davom etmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati





