Joriy yilning 19-avgust kuni Ichki ishlar vazirligida respublika miqyosida oʻtkazilgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlarining ikkinchi bosqichi yakuniga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi
2025-08-19 14:25:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning joriy yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida yanvar oyida “Xavfsiz va sogʻlom poytaxt” hamda aprel-may oylarida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari oʻtkazildi. Ushbu jarayonlarda toʻplangan ijobiy tajribadan kelib chiqib, 15-iyuldan 15-avgustga qadar “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbirining ikkinchi bosqichi amalga oshirildi.
Tadbirlar doirasida ichki ishlar vazirligi va hududiy boʻlinmalardagi shaxsiy tarkib kuchaytirilgan tartibda, mamlakatimizdagi barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda xizmat olib bordi.
Mazkur tadbirning tafsilotlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligida OAV hamda jamoatchilik vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati hamda sohaviy xizmat masʼullari ishtirok etdilar.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligining 2-bosqichida jami 14 167 ta tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazilib, 2 599 ta giyohvandlik, 1 576 ta uyushgan jinoyatchilik, 1 650 ta korrupsiya va 4 653 ta boshqa yoʻnalishlarda noqonuniy holatlar aniqlandi va tezkor tadbirlar 1-bosqichga nisbatan uch baravarga koʻpayishiga erishildi.
Tadbir samaradorligini oshirish maqsadida giyohvandlik moddasining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish yoʻnalishida tashkil etilgan tun-u kun faoliyat koʻrsatadigan “Koll-markaz”ga kelib tushgan 598 ta maʼlumot boʻyicha aholiga huquqiy yordam berildi va tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy muomaladan jami 557,5 kg giyohvandlik vositasi, 376,5 ming dona kuchli taʼsir qiluvchi dorilar olinib, 10,5 ming tup giyohvandlik oʻsimliklari yetishtirilayotganligi aniqlandi.
Tadbir davomida jami 91 ta tarqatuvchilar (zakladkachilar) bilan bogʻliq holatda 34,5 kg giyohvandlik vositasi rasmiylashtirilib olindi va internetdagi narkodoʻkonlar reklamasi aks etgan 1 751 dona “narkograffiti” aniqlanib, oʻchirildi.
Tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruh va shaxslardan 858 ta pnevmatik qurol, 2 716 ta ov quroli va oʻq-dori olindi. 1 033 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib, 584 nafar bedarak yoʻqolgan shaxslar oilasi bagʻriga qaytarildi.
Jamoat joyida sovuq qurol olib yurgan fuqarolardan 14 936 ta oʻtkir tigʻli buyumlar 14 091 ta pichoq , 352 kastet, 493 boshqa olib yurilishi taʼqiqlangan buyumlar olinib, qonuniy chora koʻrildi hamda ov quroli saqlash qoidalarini buzgan hamda brakonyerlik harakatlarni sodir etgan 3 692 nafar shaxs maʼmuriy va 254 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligining 2-bosqichi doirasida profilaktik tadbirlarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Mahalla hududi va yoʻnalishlarga biriktirilgan piyoda va avtopatrul naryadlari hamda profilaktik inspektorlari tomonidan aholi oʻrtasida keng koʻlamli tushuntirish ishlari va targʻibot tadbirlari olib borildi.
Profilaktik tadbirlar doirasida 263 765 ta maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlandi.
211 796 nafar ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxslar bilan qayta jinoyatlar sodir etmasligi haqida profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, 1 444 nafari maʼmuriy nazoratga, 125 859 nafari profilaktik hisobga olindi.
Probatsiya nazoratidagi 228 224 nafar shaxslar tekshirildi, jazo oʻtashdan boʻyin tovlagan 1 808 nafar shaxsning jazosi ogʻir turdagi jazoga almashtirilib, 1 030 nafari jazoni ijro etish muassasasiga qaytarildi. Oʻtkazilgan 1 398 ta “sayyor sud”larda tuzalish yoʻliga oʻtgan 7 827 nafar shaxs jazo oʻtashdan muddatidan ilgari ozod qilindi.
Alkogolizm, giyohvand yoki psixotrop moddalarga qaramlikka chalingan va xulq-atvori jamiyat uchun xavf tugʻdirgan oʻzlari va boshqalarning sogʻligʻiga zarar yetkazish ehtimoli boʻlgan 18 815 nafar shaxs majburiy davolanishga, jamoat joylarida mast holatda boʻlgan, oʻz xulq-atvorini boshqara olmaydigan va jamiyat uchun xavf tugʻdiradigan 64 610 nafar shaxs hushyorxonaga, aniq yashash va ish joyiga ega boʻlmagan 1 285 nafar shaxs reabilitatsiya markaziga, shuningdek, ota-onasi yoki vasiylar tomonidan tarbiya, taʼlim va taʼminot vazifalari bajarilmaganligi oqibatida nazoratsiz va qarovsiz qolgan 4 799 nafar bolalar voyaga yetmaganlar markaziga joylashtirildi.
Yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida, YPX inspektorlari tomonidan jami 707 mingta qoidabuzarlar aniqlanib, huquqbuzarlarga tegishli 85 mingtaga yaqin transport vositalari jarima maydoniga joylashtirildi. Avtomashina, velosiped va aravachalarni doimiy ravishda qarovsiz qoldiradigan 153 ming nafar fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, harakat xavfsizligini taʼminlash borasida faqat chora koʻrish emas, balki yoʻl harakati ishtirokchilari uchun xavfsiz yoʻl sharoitlarini yaratish va yuzaga kelayotgan tirbandliklarni oldini olish choralari koʻrildi. Xususan:
– 18 700 ta yoʻl belgilari, 270 ta svetofor oʻrnatildi, 772 ming metr/kv yoʻl chiziqlari chizildi, 580 ta qavariq piyodalar oʻtish joylari tashkil etildi va 7 100 ta svetoforlar taʼmirlandi;
– fuqarolar va turli tashkilotlar tomonidan oʻzboshimchalik bilan yopib qoʻyilgan 18 ta Toshkent shahri va hududlardagi mahallalarda oʻrnatilgan shlagbaum va taqiqlovchi yoʻl belgilari demontaj qilinib, transport vositalarining harakati tiklandi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, yoʻl transport hodisalari avvalgi oyning mos davriga nisbatan 41,3 foizga kamayishiga erishildi.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligining 2-bosqichi doirasida mahallalarda, aholi yashash punktlari, jamoat joylari, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida xavfsizlikni taʼminlash maqsadida 153 816 ta kamera oʻrnatildi. 6 392 ta doʻkon, 5 949 ta xonadon texnik qoʻriqlovga, 2 031 ta obyekt jismoniy qoʻriqlovga olindi.
Hamkorlikda oʻtkazilgan keng koʻlamli tezkor profilaktik tadbirlar davomida, ijobiy natijalar kuzatilib, respublikada sodir etilgan jami jinoyatlar oʻtgan oyning shu davriga nisbatan 29 foizga kamayishiga erishildi.
Oʻtgan oyning mos davriga nisbatan oldi olinishi lozim boʻlgan jinoyatlar 39 foizga kamaygan boʻlsa, ichki ishlar organlari xodimlarining tashabbusi bilan jinoyatlarni aniqlash 50 foizga yaxshilandi.
Matbuot anjumani jarayonida Vazirlik rahbariyati tomonidan ommaviy axborot vositalarining savollariga javob berish bilan birga, ayni vaqtda jinoyatchilikka qarshi kurash hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish jarayonlarida jamoatchilik vakillarining oʻrni beqiyos ekanligini taʼkidlab, aholini giyohvandlik illatidan ogohlikka chaqirish, turli huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash hamda fuqarolarining jinoyatchilikka barham berishda huquqiy ongini oshirish ishlarida tashabbuskorlikka chaqirildi.
Ushbu yoʻnalishdagi tadbirlar davom ettiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Axborot xizmati









