30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuni: Global muammo – umumiy masʼuliyat
2025-07-29 19:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 29-iyul kuni Oʻzbekiston poytaxtida odam savdosiga qarshi kurashning global muammolariga bagʻishlangan muhim xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT/BMTning Migratsiya agentligi) bilan hamkorlikda tashkil etgan mazkur tadbirda davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlardan 110 dan ortiq yetakchi mutaxassis hamda ekspertlar ishtirok etdi. Anjuman 30-iyulda nishonlanadigan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bagʻishlandi.
Konferensiyaning tantanali ochilish marosimida Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Aʼzamxoʻjayev, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari polkovnik Ayubxon Rahmatullayev, XMT/BMT Migratsiya agentligining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Endryu Grey, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha maxsus vakili va muvofiqlashtiruvchisi Kari Jonston (onlayn orqali), BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Afgʻoniston, Markaziy Osiyo, Pokiston va Erondagi mintaqaviy vakili oʻrinbosari Aleksandr Fedulov nutq soʻzladi.
Maʼruzachilar oʻz chiqishlarida globallashuv sharoitida odam savdosi nafaqat alohida shaxslar uchun xavf tugʻdirayotganini, balki butun jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga putur yetkazayotganini taʼkidladilar. Har yili millionlab odamlar ushbu jinoyat qurboniga aylanmoqda va afsuski, bu raqamlar tobora koʻpayib bormoqda.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston ushbu salbiy illatga qarshi kurashda ham huquqiy, ham tashkiliy jihatdan tizimli va sezilarli rivojlanishni koʻrsatmoqda. Milliy qonunchilikni xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, “Odam savdosiga qarshi kurash toʻgʻrisida“gi yangi qonun qabul qilindi, odam savdosi, bolalar mehnati va majburiy mehnat bilan bogʻliq jinoyatlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Odam savdosidan jabr koʻrgan shaxslarni aniqlash va yoʻnaltirish boʻyicha milliy tizim joriy etildi. Oʻzbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi“ tasdiqlandi hamda faol ravishda hayotga tatbiq etilmoqda.
Anjuman ishtirokchilari erishilgan yutuqlarda xalqaro tashkilotlar, xususan, Xalqaro Migratsiya Tashkiloti/BMTning Migratsiya agentligi hissasini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surish zarurligi taʼkidlandi.
Anjuman doirasida “Odam savdosi: zamonaviy tahdidlar va tendensiyalar“, “Odam savdosiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikning oʻrni“, “Odam savdosiga qarshi kurashishda va jabrlanganlarni himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati“ kabi dolzarb mavzularga bagʻishlangan sessiyalar oʻtkazildi.
Munozaralar davomida raqamli muhitning odam savdosi shakllariga taʼsiri kuchayib borayotgani, bu illat bilan kurashishda chegaralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish zarurati, shuningdek, jabrlanganlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda nodavlat tashkilotlarning muhim roli masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Anjumanda nafaqat odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi milliy yutuqlar sarhisob qilindi, balki ilgʻor xorijiy tajribalar bilan ham oʻrtoqlashildi. Shuningdek, kelajak uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ushbu konferensiyaning oʻtkazilishi Oʻzbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya toʻgʻrisidagi global shartnomani himoya qilish hamda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni takomillashtirish yoʻlidagi intilishini yana bir bor tasdiqladi.
Aziza BOXODIROVA,
mayor.









