Litva Respublikasidan firibgarlik uchun qidiruvda boʻlgan jinoyatchi birinchi bor Oʻzbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilindi
2025-07-08 16:45:00 / Yangiliklar

Litva Respublikasidan Interpol kanallari orqali qidirilayotgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilindi.
Interpol Toshkent MMB xodimlari kuzatuvida Litva Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasiga Jinoyat kodeksining 168-moddasida koʻzda tutilgan firibgarlikni sodir etganlikda ayblanayotgan fuqaro ekstraditsiya qilindi. Taqdim etilgan hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi xalqaro qidiruvga berilganligi eʼlon qilindi.
Interpol kanallari orqali qidiruvdagi shaxsning Litva hududida ekanligi aniqlandi. U oʻsha yerda qoʻlga olinib, ekstraditsiya tekshiruvi uchun qamoqqa olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining iltimosnomasini qanoatlantirgandan soʻng, Litva tomoni jinoyatchini ekstraditsiya qilish va uni sodir etgan jinoyati uchun jazo tayinlash maqsadida topshirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Toshkentdagi Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportda qidiruvda boʻlgan shaxs Interpol Milliy Markaziy Byurosining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakillari tomonidan respublika huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga topshirildi.
Bu Interpol Toshkent va Vilnyus Milliy markaziy byurolari oʻrtasida ekstraditsiya jarayonini amalga oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikning ilk tajribasi boʻlib, u mamlakatlarimizning xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlash imkoniyatini yaratadi.
Oʻzbekiston Respublikasidagi Interpolning Milliy markaziy byurosi


