3 mingga yaqin nomzod hujjat topshirgan. Ayni kunlarda IIV Akademiyasida “Abituriyent – 2025” imtihonlari boʻlib oʻtmoqda
2025-07-08 15:00:00 / Yangiliklar

Kunduzgi taʼlim bakalavriatida oʻqish istagida boʻlgan abituriyentlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat orqali saralab olinmoqda.
Maxsus kasbiy tanlovda har bir nomzodning salomatlik holati, bayon yoki insho yozish qobiliyati, umumjismoniy tayyorgarligi, chet tillarini bilish darajasi baholanayotgan boʻlsa, yakka tartibdagi yakuniy suhbat huquqshunoslik, Oʻzbekiston tarixi va tarbiya fanlaridan oʻtkazilmoqda. Buning uchun nomzod dastlabki bosqichda yetarli ballarni toʻplashi va shundagina yakka tartibdagi yakuniy suhbatda qatnashishi mumkin.
Imtihonlarning adolatli va shaffof oʻtishini taʼminlash maqsadida abituriyentlar ishtirok etayotgan har bir jarayon onlayn vaqt rejimida videotasvirga tushirilmoqda. Maxsus kasbiy tanlov hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan soʻng ular toʻplagan ballar eʼlon qilib borilmoqda. Bundan tashqari, abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari uchun “akadmvd.uz” rasmiy veb-sayti orqali natijalarni kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
Aytish joizki, 2025/2026 oʻquv yilida Akademiya kunduzgi taʼlim bakalavriatiga “tezkor-qidiruv faoliyati”, “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “ekspert-kriminalistika faoliyati”, “jazoni ijro etish faoliyati”, “xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash”, “tashkiliy-shtab faoliyati”, “probatsiya faoliyati” hamda “raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishlari boʻyicha nomzodlar oʻqishga qabul qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, imtihonlar joriy yilning 14-iyuliga qadar davom etadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









