Oʻzbekiston Respublikasidagi Interpol MMB odam savdosi bilan shugʻullangani uchun qidiruvda boʻlgan shaxsni ushlash va topshirishga koʻmaklashdi
2025-07-03 10:00:00 / Yangiliklar

Interpol kanallari orqali qidirilayotgan shaxs Ummon Sultonligidan Oʻzbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilindi.
Ummon Sultonligidan Oʻzbekiston Respublikasiga Interpol Maskat Milliy Markaziy Byurosi xodimlari kuzatuvida mamlakatimiz Jinoyat kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan odam savdosida ayblanayotgan fuqaro ekstraditsiya qilindi.
Taqdim etilgan materiallar asosida vatandoshimiz xalqaro qidiruvga eʼlon qilindi.
Interpol kanallari orqali qidiruvdagi shaxsning Ummon hududida ekanligi aniqlandi. U joriy yilning aprel oyida ushbu mamlakatda hibsga olingan.
Bir oy oldin Toshkent Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlarining hamrohligida Ummondan Oʻzbekistonga ikki nafar jinoyatchi ayol ekstraditsiya qilindi.
Tashrif davomida olib borilgan muzokaralar va oʻrnatilgan ikki tomonlama aloqalar tufayli, qoʻshma saʼy-harakatlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ayblanuvchini topshirish toʻgʻrisidagi iltimosnomasini amalda bajarish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Toshkentdagi Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportda qidiruvda boʻlgan shaxs Interpol Milliy markaziy byurosi va respublika huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga topshirildi.
Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi
