Toshkent shahar IIBB Yoʻl-patrul xizmati brigadasining maʼmuriy binosi toʻliq kapital taʼmirdan chiqarilib foydalanishga topshirildi
2025-06-26 11:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlari tizimida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarga chek qoʻyish, yoʻllarda xavfsiz harakatlanishni nazorat qilish, mamlakatimizni jinoyatdan holi hududga aylantirishda yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarining alohida oʻrni bor.
Sohaning xizmat samaradorligini yanada oshirish moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida soʻnggi yillarda koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda.
Xodimlarning xizmat oʻtashlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida olib borilayotgan yana bir amaliy misolning ifodasi sifatida Toshkent shahar IIBB Yoʻl-patrul xizmati brigadasining maʼmuriy binosi toʻliq kapital taʼmirdan chiqarilib foydalanishga topshirildi.
Tantanali tadbirda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, Toshkent shahar hokimi va prokurori, shuningdek jamoatchilik faollari va faxriylar ishtirok etdilar.
Ishtirokchilar tomonidan, soʻnggi yillarda ichki ishlar organlarining aksariyat sohaviy xizmat yoʻnalishlarining ijobiy tajriba va amaliy ish natijalari, bevosita poytaxt ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgani, hududning oʻziga xos Toshkent tajribasi yaratilib, respublikamizning boshqa hududlariga tatbiq etilayotganligi, bunday ijobiy tajriba va natijalarni Toshkent shahar IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi faoliyatida ham kuzatilayotgani alohida taʼkidlandi.
Jumladan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida poytaxt Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan 356 ta giyohvandlik va psixotrop moddalarni saqlash, tashish va isteʼmol qilish bilan bogʻliq jinoyatlar aniqlangan, 70 nafar qidiruvdagi shaxslar qoʻlga olingan hamda 100 dan ortiq qidiruvdagi transport vositalari ushlangan.
Poytaxt yoʻllarida kundalik 1 mln.dan ortiq avtotransport vositalarining tartibli va xavfsiz harakatlanishi, inspektorlar tomonidan 2 mln. 974 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlanib qonuniy choralar koʻrilishi taʼminlandi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, bugungi kunga kelib Toshkent shahrida umumiy yoʻl transport hodisalari soni 4,1 foizga, oʻlim bilan bogʻligʻi 6,9 foizga, tezlikni oshirish oqibatida sodir boʻlganlari 66,7 foizga, mast holda transport vositasini boshqarish oqibatidagi halokatlar 16,7 foizga, shuningdek bolalar ishtirokidagi yoʻl transport hodisalari soni 8 foizga kamayishiga erishilgani eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tegishli qaror va topshiriqlari ijrosini taʼminlash doirasida Toshkent shahar IIBB Yoʻl-patrul xizmati faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlar uchun zamonaviy xizmat sharoitlarini yaratish maqsadida kapital taʼmirlangan bino avtoturargohlar, maʼmuriy binolar, xizmat xonalari, yigʻilish zali, oʻq otish tiri, muzey, kutubxona, oshxona, saf va mashgʻulot maydonlari hamda taʼmirlash ustaxonalarini oʻzi ichiga oladi.
Shuningdek poytaxt koʻchalarida harakat xavfsizligini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda yoʻl transport hodisalarini oldini olish va shaharda tirbandliklarni barvaqt prognoz qilishga qaratilgan Kompyuterlashtirilgan vaziyatlar markazi yaratildi.
Markazga tatbiq etilgan Intellektual transport platformasi avtotransport oqimini kuzatish, tahlil qilish va intellektual boshqarishga imkoniyat yaratib beradi.
Natijada shaharda tirbandlik 50 foizgacha kamayishiga, avtomobil yoʻlovchilarining vaqtini tejash, yoʻllardagi baxtsiz hodisalar soni kamayishi, favqulodda xizmatlar harakatini tezlashtirish hamda qaror qabul qilishda aniq statistika orqali samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir jarayonida, Toshkent shahar hokimi tomonidan yoʻl-patrul xizmatiga 20 dona, patrul post xizmati uchun maxsus jihozlangan 20 dona “Kobalt” rusumli yangi xizmat avtomobillari topshirildi. Ushbu kobaltlar ishlab chiqaruvchi tomonidan maxsus vositalar bilan jihozlangan boʻlib, ularga oʻrnatilgan kameralar, vaziyatlar markaziga integratsiya qilingan. Ushbu avtomashinalarda oʻrnatilgan zamonaviy kameralar qidiruvdagi shaxslar, olib qochilgan transport vositalari, jamoat xavfsizligiga tahdid qoluvchi holatlar haqida markazga xabar yuborish imkoniyati mavjud. Markaz esa bir vaqtning oʻzda barcha xizmat avtomobillaridagi kameralarni masofadan turib boshqarishi mumkin.
Tadbir jarayonida Vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlidagi fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash ishlariga qoʻshgan munosib hissasi uchun Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarma boshligʻi podpolkovnik Muxammad Adilov va Yoʻl-patrul xizmati inspektori serjant Sherzod Xolnazarov II darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan, Yoʻl-patrul xizmati inspektori serjant Muxammad Dadayev Ichki ishlar vazirligining “Esdalik qoʻl soati” bilan taqdirlandilar, shuningdek Yoʻl-patrul xizmati inspektorlari kichik serjant Abbos Nurimov, kichik serjant Otabek Saidov hamda kichik serjant Kuonish Xamitovlar pul mukofoti bilan ragʻbatlantirildilar.
Tadbirda, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, masʼullar, shuningdek soha faxriylarining fikr va mulohazalari tinglandi, tizimni takomillashtirish hamda ish samaradorligini oshirish boʻyicha istiqbolli vazifalar belgilab olindi.









