Belarus Respublikasi Tergov qoʻmitasi delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga tashrif buyurdi
2025-06-23 15:55:00 / Yangiliklar

Belarus Respublikasi Tergov qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, adliya general-mayori Anatoliy Vasilyev boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga tashrif buyurdi. Dastlab mehmon delegatsiya vakillari hamda Ichki ishlar vazirligi masʼullari ishtirokida rasmiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston va Belarus respublikalari oʻrtasidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan, tergov boʻlinmalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida tajriba almashish, xodimlarni malakasini oshirish va dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Belarus delegatsiyasi aʼzolari Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga boshqarma tomonidan xorijiy va mahalliy sayyohlar xavfsizligini taʼminlash, turizm sohasida huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan atroflicha maʼlumotlar taqdim etildi.



