Respublika ishchi guruhi tomonidan Boʻka tumani Boʻston MFYda joylashgan 43-son manzil koloniyasining ish faoliyati oʻrganildi
2025-06-19 09:30:00 / Yangiliklar

Oʻrganish davomida, manzil koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mehnatga layoqatli boʻlgan 679 nafar mahkumlardan 655 nafarining bandligi taʼminlanganligi, mahkumlarning oylik ish haqqi oʻz vaqtida toʻlab berilayotganligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar hamda ularning uchrashuvga kelgan yaqin qarindoshlari bilan sayyor uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuv davomida mahkumlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan muammo va shikoyatlar kelib tushmadi, yaratilgan shart-sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirildi.
Shundan soʻng, koloniyaga qarashli dala yer maydonlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda qishloq xoʻjaligida foydalanadigan agrotexnikalarning sozligi joyiga chiqqan holda oʻrganildi.
Koloniyaga qarashli 118 gektar sugʻoriladigan yerlarning 50 gektariga bugʻdoy, 37 gektariga arpa, 5,7 gektariga makkajoʻxori va 25,3 gektariga boshqa turdagi mahsulotlar ekilgan.
Koloniyada mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash maqsadida uzoq muddatli uchrashuv xonasi, mahkumlar yotoqxonasi, koloniya ichki hududidagi yoʻlaklarda taʼmirlash ishlarini olib borish, mahkumlarni kasb-hunarga oʻrgatish va bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, qishloq xoʻjaligi yerlaridan unumli foydalangan holda mahsulotlar yetishtirish hajmini oshirish boʻyicha koloniya boshligʻi va oʻrinbosarlariga vazifalar belgilab berildi.
IIV Jazoni ijro etish departamenti Axborot xizmati



