IIV Akademiyasida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash mavzusida davra suhbati oʻtkazildi
2025-06-08 09:00:00 / Yangiliklar

Ekstremizm, radikalizm, terrorizm, odam savdosi xavfi hozirgi zamonning eng dolzarb muammolari sanaladi. Bunday xatarlar har birimizdan, avvalo, ogoh boʻlishni talab qiladi.
IIV Akademiyasida soha mutaxassislari, professor-oʻqituvchilar va kursantlar ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbati ayni shu masalaga bagʻishlandi.
Tadbirda IIV Tezkor qidiruv departamenti masʼul xodimi soʻz olib, zamonaviy xavf-xatarlarning mintaqaviy barqarorlikka taʼsiri xususida toʻxtalib oʻtdi.
Hozirgi murakkab sharoitda axborot xurujlari avj olayotgani, internet makoni turli gʻoya va mafkuralar uchun targʻibot maydoniga aylangani, aholi, ayniqsa yoshlarning maʼnaviy immunitetini kuchaytirish, terrorizmning har qanday koʻrinishiga qarshi murosasiz kurashish dolzarb vazifa ekanligi taʼkidlandi.
Davra suhbatida terrorizm va ekstremizmni oziqlantiruvchi omillar, buzgʻunchi kuchlar tomonidan qoʻllanilayotgan zamonaviy usullar, ularga qarshi kurashish yoʻllari, radikal gʻoyalar tarqalishining oldini olishda targʻibot tadbirlarining ahamiyati haqida mulohazalar bildirildi.
Soʻzga chiqqanlar mazkur faoliyatga doir muhim vazifa va chora-tadbirlarga toʻxtalib, taʼlim muassasasini tamomlayotgan yosh kadrlarga amaliy tavsiyalar berdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






