Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari taʼlim olish va tajriba almashish uchun yurtimizga keldi
2025-06-03 09:45:00 / Yangiliklar

Oʻquv mashgʻulotlari oldidan IIV akademiyasida universitet vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Samimiy muloqot chogʻida akademiya boshligʻi Rustam Xatamov va delegatsiya rahbari Jang Jou davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarga yuqori baho berdilar.
Oʻzbekiston va Xitoy davlatlarini koʻp asrlik tarixiy rishtalar bogʻlab turishi, ikki tomonlama aloqalar keyingi yillarda jadal surʼatlarda rivojlanib, hamkorlikning yangi ufqlari ochilishiga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
– Oʻzaro munosabatlarda global xavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish kabi masalalar ustuvorlik kasb etadi, – dedi akademiya boshligʻi R. Xatamov. – Bugungi kunda mamlakatimiz Ichki ishlar vazirligi va Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Taʼlim sohasida aloqalarning faol tarzda rivojlanib borayotgani ilgʻor yutuqlarni oʻrganish va tizim uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Xalqlarimiz azal-zaldan yaqin qoʻshnichilik va doʻstlik munosabatlarini qadrlab kelgan. Oʻzaro aloqalarimiz sifat jihatdan yuksak bosqichga koʻtarilgan tarixiy davrda uchrashib turibmiz. Garchi, Oʻzbekistonga ilk bor kelayotgan boʻlsamda, yurtingizda boʻlayotgan ijobiy oʻzgarishlarni kuzatib boraman. Ishonchim komilki, mushtarak maqsadlarimiz yoʻlidagi hamkorligimiz yanada ravnaq topadi”, – dedi universitetning Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshligʻi Jang Jou.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar nafaqat tajriba almashish, balki xalqlarimizning boy tarixi va madaniyatini oʻrganishga imkon yaratayotgani eʼtirof etildi.
Shu kunning oʻzida mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Taʼlim jarayoniga tatbiq qilingan innovatsion yondashuvlar, kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar, oʻquv dargohining shonli tarixi, ulkan salohiyati va istiqboli universitet vakillarida yorqin taassurot qoldirdi.
Aytish joizki, ikki haftalik oʻquv kurslari davomida xitoylik talabalar uchun interfaol mashgʻulotlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil qilinadi. Bundan tashqari, mehmonlar ichki ishlar organlari faoliyatining ilgʻor jihatlari bilan tanishadilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati









