Mustahkam iroda va gʻalabaga ishonch: IIO xodimi jahon chempionati yoʻllanmasiga sazovor boʻldi
2025-05-24 18:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yildagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida sportning mavjud turlariga eʼtibor qaratish, rivojlantirish barobarida barcha soha vakillarini jalb etish, ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish kabilar belgilangan.
Poytaxt IIBB shaxsiy tarkibi orasida xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish bilan birga sport turlari bilan professional darajada shugʻullanib, yurtimiz hamda ichki ishlar organlari shaʼnini munosib himoya qilib kelayotgan xodim – sportchilarimiz talaygina.
Ulardan biri: Yashnobod tumani IIO FMB Ekspert-kriminalistika boʻlimi eksperti Isroiljon Shokarimov joriy yilning 15-mayidan 19-mayiga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida Armrestling federatsiyasi tomonidan tashkillashtirilgan xalqaro turnirda ishtirok etdi.
Unda dunyoning turli davlatlaridan yuzdan ortiq kuchli, professional sportchilar qatnashib, gʻoliblik uchun keskin va shiddatli kurash olib borishdi.
Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, sport ustasi Isroiljon Shokarimov qizgʻin va murosasiz kechgan bahslarda oʻzining tajribasi hamda qatʼiyatini namoyish etib, chap qoʻl bahslarida faxrli uchinchi oʻrinni egallab bronza medaliga, oʻng qoʻl bahslarida sportchilarning orzusi boʻlgan faxrli birinchi oʻrinni egallab oltin medalga sazovor boʻldi.
Bu gʻalabasi bilan sportchimiz joriy yilning sentyabr oyida Bolgariya davlatida boʻlib oʻtadigan jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Ishonamizki, Isroiljon Shokarimov zimmasiga yuklatilgan bu masʼuliyatni muvaffaqiyatli bajarib, yurtimiz, ichki ishlar organlari xodimi shaʼnini dunyo miqyosida yuqori choʻqqilarga koʻtarib, dovrugʻini olamga yoyadi.
Hamkasbimizni medallar shodasi bilan qutlab unga kelgusi bellashuvlarda omad va zafarlar yor boʻlishini samimiy tilab qolamiz.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati
