Bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarini oldini olish yuzasidan Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) vakili ishtirokida muhim uchrashuv boʻlib oʻtdi
2025-05-13 10:00:00 / Yangiliklar

Respublikamizda “Xavfsiz bolalik“ tamoyili asosida bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili ishtirokida muhim uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi – bolalarning yoʻllarda xavfsizligini taʼminlash masalalarini muhokama qilish boʻldi.
Yil boshidan buyon amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.
Xususan, 10 770 ta maktabda 6,6 milliondan ortiq oʻquvchi tahsil olayotgani, “Xavfsiz bolalik“ doirasida yuzlab svetoforlar, qavariq piyodalar oʻtish joylari, sunʼiy notekisliklar va temir panjaralar oʻrnatilgani, shuningdek, 5150 ta maktabda YHQ oʻrgatish sinfxonalari tashkil qilingani va minglab maxsus darslar oʻtkazilgani taʼkidlandi.
Biroq amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalari hali ham kun tartibida qolmoqda. Uchrashuvda ushbu muammolar sabablari muhokama qilinib, aniq takliflar berildi.
Bolalar xavfsizligini taʼminlashda mahalla yettiligining rolini kuchaytirish, targʻibot ishlarini kengaytirish va ota-onalarning masʼuliyatini oshirish lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, yoʻllarda trotuarlar mavjud emasligiga eʼtibor qaratilib, bu boʻyicha masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi aytildi.
Uchrashuv yakunida bolalar xavfsizligini taʼminlash – umumiy maqsad ekanligi taʼkidlanib, bu yoʻnalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati







