Buxoro viloyatida kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari tahlil qilindi
2025-04-21 09:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda, respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatdagi oʻrganish yakunlariga koʻra, har bir shahar va tuman kesimida jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholining murojaatlari bilan ishlash, ularga xizmat koʻrsatish, jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, shuningdek xodimlarning ijro hamda xizmat intizomiga rioya etish masalalari tanqidiy muhokama qilindi.
Kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalariga koʻra, xizmat faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir qator rahbarlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qoʻllanildi.
Jumladan, Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari – Tergov boshqarmasi boshligʻi, viloyat IIB Huquqiy statistika va tezkor hisob maʼlumotlar markazi boshligʻi, Buxoro shahar IIO FMB boshligʻining oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi, Gʻijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari – Tezkor qidiruv xizmati boshligʻi hamda yana bir oʻrinbosari — Tergov boʻlimi boshligʻi, shuningdek Kogon tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari – Tezkor qidiruv xizmati boshligʻi egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻining oʻrinbosari – Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi, Tergov boshqarmasi boshligʻining ikki nafar oʻrinbosari, viloyat IIB Kotibiyat boshligʻi, Gʻijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi, Kogon tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi va uning oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlariga intizomiy jazolar qoʻllanildi.
Yigʻilishda mutasaddilarning hisobotlari hamda takliflari tinglandi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq muddatlar belgilanib, viloyat IIB hamda tuman-shahar ichki ishlar boʻlinmalarining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash hamda yechimini kutayotgan boshqa masalalar yuzasidan istiqbolli vazifalar rejalashtirildi.