Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi va Koreya milliy politsiya universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-04-02 12:10:00 / Yangiliklar

Onlayn tarzda oʻtgan tadbir oldidan taʼlim muassasalari rahbarlari Rustam Xatamov va Oh Mun Kyo muloqot qildilar. Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar eʼtirof etildi.
Taʼkidlanganidek, ikki mamlakatni bogʻlab turuvchi rishtalar koʻp. Oʻzbek va koreys xalqlarining madaniyati, mentaliteti, qadriyatlari bir-biriga yaqin. Oʻzaro aloqalar yuksak ishonch va hurmat tamoyillari asosiga qurilgan. Oʻzbekiston ham, Janubiy Koreya ham taraqqiyotning zamonaviy yoʻlini tanlagan. Global va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar boʻyicha tomonlarning yondashuvi oʻxshash.
Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar yangi davrga qadam qoʻydi va alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.
Muloqot chogʻida taʼlim, ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari ham eʼtirof etildi. Birgalikda amalga oshirilayotgan tadbirlar oʻzaro tajriba almashish, ilgʻor yutuqlarni oʻrganish va kadrlar salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
“Koreya milliy politsiya universiteti jahondagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Oʻquv dargohida taʼlimning zamonaviy yondashuvlari yoʻlga qoʻyilgan. Universitet bilan hamkorlikni kengaytirish manfaatlarimizga birdek xizmat qiladi. Kelgusida taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz”, – dedi akademiya rahbari.
Oʻz navbatida, Oh Mun Kyo ikki tomonlama munosabatlarni yuksak darajada qadrlashini, hamkorlik aloqalarini sifat va mazmun jihatdan boyitish yoʻlida muhim qadam tashlangani, eng muhimi, bu qatʼiy intilish va saʼy-harakatlar natijasi ekanligini alohida qayd etdi.
Uchrashuv yakunida taʼlim muassasalari rahbarlari hamkorlik memorandumini imzoladilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






