Raqamlashtirish samarasi. «Mashʼal»dagi ibratli ishlar
2025-03-18 13:45:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar kirib bormagan soha va tarmoq deyarli qolmadi. Ayniqsa, ichki ishlar organlari tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini izchillik bilan joriy etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Fargʻona viloyati ichki ishlar organlarida ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etish zarur.
Misol uchun, oʻtgan yilda «Raqamli xavfsiz mahalla» konsepsiyasi doirasida viloyatdagi barcha obyektlarni, mahallalarni raqamlashtirish boʻyicha ish boshlanib, bugungacha 46 ming 895 ta videokuzatuv kamerasi oʻrnatildi, 1063 ta mahallaning 5614 ta kirish va chiqish joylari toʻliq raqamlashtirildi. Barcha shahar va tuman ichki ishlar boʻlimlari qoshida vaziyatni nazorat qiluvchi situatsion markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Raqamlashtirish va aholini ish bilan taʼminlash borasidagi ibratli ishlarni Fargʻona shahridagi «Mashʼal» mahallasi misolida ham koʻrishimiz mumkin. 8 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladigan, shaharning eng gavjum nuqtalaridan biri sanaladigan ushbu mahalladagi asosiy 6 ta koʻcha toʻliq kuzatuv kameralari bilan nazoratga olingan. Buning natijasida mahallaga kim kelib, kim ketyapti, qanday begona odam yoki transport vositasi yuribdi, qayerda odamlar koʻp toʻplanyapti, tortishuv yoki janjal boʻlyapti hamma-hammasini bilib olish va tezkor chora koʻrish mumkin. Shu bois mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarliklar salmogʻi ham sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
-Bir yil avval ushbu mahallaga profilaktika inspektori boʻlib tayinlanganimda jinoyatchilik salmogʻi ancha yuqori edi, -deydi profilaktika inspektori, mayor Zohidjon Sattarov. -Mahalla yettiligi bilan oʻzaro hamjihatlikda raqamlashtirish va aholini ish bilan taʼminlash masalalariga katta eʼtibor berdik. Bu jarayonga fuqarolar va xususiy tadbirkorlarni targʻib qilishimiz natijasida hozirgacha jami 600 taga yaqin kuzatuv kameralari oʻrnatildi. Ulardan 32 tasi bevosita mahalla fuqarolar yigʻini binosidagi monitorga integratsiya qilingan. Natijada jinoyatchilik salmogʻi kamayib, mahallamiz «qizil»dan «sariq» toifaga oʻtdi. Joriy yilning birinchi yarmida «yashil» toifaga oʻtkazishni maqsad qilganmiz.
-«Mashʼal» mahalla fuqarolar yigʻinida ish boshlaganimda 176 ta tadbirkorlik subyekti mavjud edi, -deydi hokim yordamchisi Arofatxon Maxsudova. Bugungi kunga kelib, bu koʻrsatkichni 600 taga yetkazdik. Tadbirkorlar soni kun sayin koʻpayishi natijasida mahallamiz ishsizlikdan holi hududga aylandi.
«Mashʼal»dagi ibratli lardan yana biri shuki, mahalla hududidagi koʻp qavatli uylarning yertoʻlalaridan samarali foydalanish maqsadida mikroorganik oʻsimliklarni yetishtirish kooperatsiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Xususan, fuqaro Tohirjon Abdusamatov imtiyozli kredit asosida dastlab 60 kvadrat metr yer maydonida ana shunday oʻsimliklarni parvarishlashni boshlagan boʻlsa, bugunga kelib yer maydoni 1200 kvadrat metrga yetdi. Mahalladagi 25 nafar fuqaro esa shu yerda doimiy ish bilan band.
-Dastlab faoliyatimni boshlash uchun joy va mablagʻ yoʻq edi, -deydi tadbirkor. -Aynan mahalla yettiligining maslahatlari, amaliy koʻmagi bilan tadbirkorlikni boshladim va yangi loyihalarimni amalga oshiryapman. Hozirda mikroorganik oʻsimliklardan tashqari, yana 4 ta yertoʻla qismlarida zaʼfaron gullari va qoʻziqorin yetishtirib, qadoqlash plantatsiyasini yoʻlga qoʻydim. Olingan kredit mablagʻlari evaziga ushbu mahsulotlarni sanoat yoʻnalishida qadoqlash uchun quritish uskunalarini sotib oldik.
«Ayollar daftari»ga kiritilgan Hakimaxon Toʻxtaboyeva oʻtgan yili mahalla yettiligining taklifi bilan monomarkazda kasb-hunarga oʻqib, bugun yaxshigina tadbirkorga aylandi. «Har bir oila tadbirkor» dasturi boʻyicha unga 33 million soʻm imtiyozli kredit ajratilganidan soʻng mahallada yashovchi 20 nafardan ziyod ayollarga yangi ish oʻrni yaratib, tikuvchilik sexi ochdi.
Bugun «Mashʼal» mahallasiga borgan kishining bahri dili ochiladi. Koʻp qavatli uylar oraligʻidagi boʻsh turgan yer maydonida «Yashil makon» umummilliy dasturi doirasida «Yoshlar ekobogʻi» tashkil etilgan. Mahalla nuroniylari va yoshlar tomonidan bu yerga 5000 tup mevali va manzarali daraxt, shuningdek, gul koʻchatlari ekilgan boʻlib, ayni bahor kunlari hudud yashillikka burkanmoqda.
Mahalla yoshlarining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, sport bilan muntazam shugʻullanishlarini taʼminlash maqsadida Workout maydonchalari hamda bolalar oʻyingohlari tashkil qilingan. Profilaktika inspektori yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda hududdagi taʼlim maskanlariga tez-tez kirib uchrashuvlar oʻtkazayotgani, profilaktik tadbirlar toʻgʻri tashkil qilingani bois voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar salmogʻi ham kamayishiga erishildi. Joriy yilning oʻtgan davrida bunday salbiy holat qayd etilgani yoʻq.
Maʼlumot uchun, mahalla profilaktika inspektori, mayor Zohidjon Sattarov Oltiariq tumanidagi Poloson qishlogʻida tugʻilib oʻsgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2011-yilda boshlagan soha fidoyisi hozirgi kunda «Mashʼal» mahallasidagi xizmat uyida oilasi bilan baxtli hayot kechirmoqda.
Abduvosit Sidiqov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Fargʻona viloyati
