Ichki ishlar vazirligida soha faoliyatini takomillashtirishga oid tezkor yigʻilish oʻtkazildi
2025-03-11 17:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining masʼullari, Ichki ishlar vazirligi hamda sohaviy xizmatlarning rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar prokurorlari hamda Ichki ishlar organlarining boshliqlari ishtirok etdilar.
Yigʻilishda jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligi taʼminlash hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan vazifalarning ijrosi, kadrlar bilan ishlash hamda xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash yoʻnalishlarida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy koʻrib chiqilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda tashkiliy masalalar koʻrildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Andijon viloyati IIB boshligʻi lavozimini egallab kelgan polkovnik Ayubxon Toshxoʻjayevich Rahmatullayev Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
Tadbirda shuningdek, shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, ularni himoya qilish yoʻnalishini takomillashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishi bilan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti rahbari lavozimiga polkovnik Ulugʻbek Shuxratovich Tashxodjayev tayinlandi.
Kun tartibidagi masalalar boʻyicha soha masʼullarining taklif va mulohazalari tinglanib, yangi tayinlangan rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.



