“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili. Ijtimoiy profilaktika samara bermoqda
2025-02-14 23:00:00 / Yangiliklar

Bugun joylarda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida, har bir mahalla kesimida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi yangicha yondashuv – “ijtimoiy profilaktika” tizimi yaratilgani ijobiy natija bermoqda.
Ushbu tizim mahalla yettiligini toʻliq qamrab olgan boʻlib, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyilligi bor yoki bundan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslar bilan individual ishlash mexanizmi yaratildi.
Bu borada Qumqoʻrgʻon tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektorlari tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, oʻtgan davr mobaynida har bir mahallada huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyilligi bor yoki bundan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslar alohida oʻrganildi.
Bu jarayonda aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha profilaktika inspektorlari tomonidan 3082 ta xulosa berildi.
Muhimi, mazkur xulosalar hamkorlikda oʻrganilib, ijtimoiy-maishiy muammolar barham topdi. Natijada “ijtimoiy profilaktika” yoʻnalishi boʻyicha xulosa berilgan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Hozir 31 ta mahalla “yashil”, 23 ta mahalla “sariq”, 7 tasi esa “qizil” toifaga kiritilgan, – deydi tuman IIB JXX HPB boshligʻi, kapitan Safarali Pardayev. – Yangicha tizim boʻyicha koʻrilgan choralar natijasida “Saxovat”, “Doʻstlik”, “Kattakoʻl” mahallalari “qizil”dan “sariq”ga, “Bogʻaro” mahallasi “yashil” hududga oʻtdi. Bundan tashqari, profilaktika inspektorlari tomonidan qidiruvdagi 3 nafar shaxs ushlanib, giyohvandlikka oid 2 ta jinoyat fosh etildi.
Bugun Qumqoʻrgʻon tumanida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish uchun ana shunday samarali ishlar yoʻlga qoʻyilgan.
©️ “Postda” gazetasi, Feruza Rahmonqulova, Surxondaryo viloyati.