Oʻzbekiston Respublikasi DXX hamda IIV tuzilmalari tomonidan joriy yilning 5-7-fevral kunlari mamlakatimiz miqyosida “Oriat” va “Qoradori” keng koʻlamli tadbirlar oʻtkazildi
2025-02-09 11:40:00 / Yangiliklar
![Oʻzbekiston Respublikasi DXX hamda IIV tuzilmalari tomonidan joriy yilning 5-7-fevral kunlari mamlakatimiz miqyosida “Oriat” va “Qoradori” keng koʻlamli tadbirlar oʻtkazildi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F6ab6d1a0-5e53-91d5-e6ad-de98486dd8e7_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
7-fevral kuni oʻtkazilgan “Oriat” keng koʻlamli, tezkor-profilaktik tadbirlari davomida axloq va sogʻliqqa qarshi qaratilgan jinoyatlarni aniqlash, OIV (OITS) va boshqa turdagi yuqumli, teri-tanosil kasalliklarini tarqalishini oldini olish maqsadida saunalar, SPA salonlar, massajxonalar, karaoke barlar, mehmonxonalar, xostellar, tungi klublar va boshqa jamoat joylarida hamkorlikdagi tadbirlar olib borildi.
Tadbir doirasida 340 ta obyektlar tekshirilib, aholi salomatligiga xavf solishi mumkin boʻlgan 2.957 nafar shaxslar bilan tushuntirish ishlari olib borildi va mobil tarzda shifokor koʻrigidan oʻtkazilib, tegishli tibbiy xulosalar olindi.
Aniqlangan holatlar boʻyicha qoʻzgʻatilgan 93 ta jinoyat ishlari doirasida 94 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi. 153 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilib, 1.920 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi hamda ularning 766 nafari rasmiy ogohlantirildi.
“Qoradori” keng koʻlamli tadbirlarining ikkinchi bosqichida jami 640 ta maxsus tezkor tadbirlar doirasida 1.401 nafar giyohvandlik vositalarini tarqatish, saqlash, isteʼmol qilishda gumon qilingan shaxslar bilan tezkor va profilaktik ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirildi.
Oʻtkazilgan tadbirlar davomida jami 28 kg. 857 gr. giyohvandlik vositalari (geroin, opiy, gashish, sintetik turdagi giyohvandlik vositalari) hamda 9.421 dona kuchli taʼsir qiluvchi va psixotrop dori vositalarining aholi orasida tarqatilishi toʻxtatib qolindi. 18 ta noqonuniy oʻq otar quroli va 126 dona sovuq qurollar aniqlandi.
Shuningdek, 339 nafar shaxslarga nisbatan 269 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi hamda 119 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi. 53 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. 656 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, 234 nafari rasmiy ogohlantirildi.
Telegram ijtimoiy tarmogʻida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumanida 1 kg sintetik giyohvandlik vositasi “zakladka” usulida koʻmilgani toʻgʻrisida tezkor maʼlumot olindi.
Maʼlumot asosida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 1986 va 2002-yilda tugʻilgan, ikki nafar shaxs giyohvandlik vositasini koʻmilgan joydan olayotgan vaqtida ushlandi. Ulardan biri yashab kelayotgan Mirobod tumanidagi uyning turli joylaridan “zakladka” usulida tarqatish uchun tayyorlab qoʻyilgan jami 200 gr. sintetik giyohvandlik vositasi, elektron tarozi, izolyatsion lenta va zip-paketlar borligi aniqlanib, ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olindi.
Odam savdosiga qarshi kurashish yoʻnalishi oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1986-yilda tugʻilgan Toshkent shahrida vaqtincha yashab kelayotgan Turkiya fuqarosi va ikki nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qoʻlga olindi. Ushbu shaxslar oʻzaro jinoiy til biriktirib, shahvoniy ekspluatatsiya qilish maqsadida ikki nafar ayolni Toshkent shahridagi xalqaro aeroport orqali Istanbul shahriga joʻnatayotgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Poytaxt hududida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 1980-yilda tugʻilgan, shaxs Uchtepa tumanida 1987-yilda tugʻilgan fuqaroga tahdid qilib, yuz sohasiga bir necha marotaba urganligi va narxi 280 AQSH dollari boʻlgan qoʻl telefoni hamda 460 ming soʻm pullarini qoʻlga kiritib, voqea joyidan yashiringanligi aniqlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Ushbu shaxsning tanishi yashash manzilida “Makarov” pistoletini saqlab kelayotganligini haqida tezkor maʼlumot olindi. 6-fevral kuni, 1978-yilda tugʻilgan shaxs ushlanib, uning Uchtepa tumanidagi uyida oʻtkazilgan kechiktirib boʻlmas tintuv davomida, bir dona 1980-yilda ishlab chiqarilgan “Makarov“ pistoleti, 2 dona oʻqdon va jami 15 ta jangovar patronlarini saqlab kelayotganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi tezkor tadbirlar boshqa yoʻnalishlarda ham davom ettiriladi.