Toshkentda “Xavfsiz va sogʻlom poytaxt” oyligiga start berildi
2025-01-16 09:00:00 / Yangiliklar
Toshkent shahrida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jamoat tartibini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida barcha huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tun-u kun xizmat olib bormoqda.
Lekin shunga qaramasdan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlar salmogʻi yuqoriligi achinarli holatdir.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida poytaxtda 2024-yil davomida aniqlangan holatlar yuzasidan 3 447 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.
Ushbu jinoyatlarning 2 413 tasi yoki 70 foizi internet tarmogʻi bilan bogʻliq holda sodir etilgan.
Tadbirlar natijasida 238 kg 815 gramm giyohvandlik, psixotrop moddalar, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, noqonuniy muomalasiga chek qoʻyildi.
Bu har bir raqam ortida inson taqdiri, fuqarolar sogʻligʻi, yoshlarning kelajagi yotganligini unutmasligimiz kerak.
Toshkent shahrida bu kabi jinoyatlarga keskin kurashish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida, 2025-yilning 15-yanvar kunidan “Xavfsiz va sogʻlom poytaxt” kompleks maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi boshlandi. 15-fevral kuniga qadar davom etadigan oylik doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tunu kun xizmat tashkil etilib, kunduzgi va tungi maxsus guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Oylik doirasida kuchaytirilgan tartibda tungi reydlar oʻtkazilib, oʻtkir tigʻli va boshqa taqiqlangan buyumlarni olib yurish, giyohvandlik vositalarini tarqatish (“zakladchik“), “narkograffiti” bilan shugʻullanish kabi holatlar aniqlanib, qonuniy qaror qabul qilinishini taʼminlanadi.
Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari! Siz ham ushbu oylik doirasida faol ishtirok etishingizni soʻraymiz.
Giyohvandlik moddalari yoki kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shugʻullanuvchilar, shuningdek narkograffiti yozuvlarini yozib ketuvchi shaxslar haqida biror maʼlumotga ega boʻlsangiz, 71-206-44-79 telefon raqamiga yoki @stopnarko_bot telegram bot orqali murojaat qilishingiz soʻraymiz.
Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati