Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida taʼlim olayotgan magistrlar bilan muloqot qildi
2024-12-27 17:20:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda Oʻzbekistonning raqamli kelajagi va barqaror rivojlanishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz bordi.
Vazir butun dunyoda boʻlgani singari Oʻzbekistonda ham raqamli texnologiyalarning roli kundan-kunga oshib borayotgani, keyingi yillarda mazkur sohani rivojlantirishga mamlakat taraqqiyotining strategik yoʻnalishi sifatida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Shuningdek, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirishning muhim jihatlariga toʻxtalib, ushbu yoʻnalishda qilinayotgan keng qamrovli ishlarni keltirib oʻtdi.
Ochiq muloqotda raqamlashtirishning afzallik jihatlari, samaradorlik omillari, dunyodagi ilgʻor tajribalar, shuningdek, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan ustuvor maqsadlar, strategiya doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, raqamli transformatsiya jarayonlari xususida atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, tadbirda ichki ishlar organlari tizimida axborot texnologiyalari va sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Raqamli texnologiyalar vaziri mazkur yoʻnalishdagi eng muhim vazifalar boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.
Uchrashuvdan soʻng Sherzod Shermatov akademiya boshligʻi Rustam Xatamov hamrohligida magistratura faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Vazirga boshqaruv kadrlari tayyorlashning asosiy yoʻnalishlari, taʼlim jarayonidagi innovatsion yondashuvlar, tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar soʻzlab berildi.
Taʼlim sifatini nazorat va monitoring qilish markazida “Smart akademiya” integrallashgan axborot-taʼlim platformasi hamda taʼlimni raqamlashtirishning hozirgi holati taqdimot qilindi. Raqamli texnologiyalar vaziri mazkur yoʻnalishdagi yangilanishlarni eʼtirof etarkan, oʻzaro tajriba almashish va faoliyatni rivojlantirishda koʻmak berishga tayyorligini bildirdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati