Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi jamoatchilik kengashining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi
2024-12-18 09:25:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 17-dekabr kuni Surxondaryo viloyati IIB Xavfsiz turizm boshqarmasida viloyat IIB huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishni Jamoatchilik kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik Axmad Xoliqov kirish soʻzi bilan ochib, kun tartibiga qoʻyilgan masalalar bilan kengash aʼzolarini tanishtirdi.
Viloyat IIB Tashkiliy boshqarma Yuridik taʼminlash guruhi yetakchi yuriskonsulti podpolkovnik Murod Shaymardonov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora–tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–10-son qaroriga muvofiq, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tizimli ravishda amalga oshirish va jamoatchilik bilan hamjihatlik ruhida ishlashni taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligining 2023-yil 11-mart kunidagi “Jamoatchilik kengashlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 122-son buyrugʻi talablari va ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar keltirib, jamoatchilik kengashi aʼzolarining yangi tarkibini oʻqib eshittirdi.
Yigʻilish davomida, viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari podpolkovnik Sherzod Shodiyev tomonidan Surxondaryo viloyati Ichki ishlar organlari tizimida xodimlar oʻrtasida xizmat intizomi va qonunchilikni taʼminlash hamda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi hisoboti tinglandi.
Shundan soʻng, viloyat IIB Axborot xizmati boshligʻi podpolkovnik Farhod Toshboyev boshqarma Axborot xizmati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlari faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish, davlat organlarining ochiqligini taʼminlash, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 5-may kunidagi OʻRQ-369-sonli “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi PQ-4366-sonli “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori, shuningdek jamoatchilik kengashi oldiga qoʻyilgan vazifalar ijrosi yuzasidan 2024-yilning oʻtgan 11 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtdi.
Oʻz navbatida, jamoatchilik kengashi aʼzolari tomonidan jamoatchilik kengashining joriy yilning oʻtgan davridagi faoliyati tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Yigʻilish yakunida, viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida press-tur tashkil qilinib, viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi masʼul xodimi mayor Farrux Qodirov tomonidan mahalliy va xorijiy sayyohlarning xavfsizligini taʼminlash uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar va texnologiyalari bilan yaqindan tanishtirildi. Tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassis tomonidan javoblar olishdi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









