IIV Malaka oshirish institutida “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, muhandislik-texnik muammolari va yechimlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi
2024-12-07 09:50:00 / Yangiliklar

Ilmiy-amaliy konferensiyada Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlar, IIV Akademiyasi, Qurolli Kuchlar Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, CYBER-BRO kiberxavfsizlik kompaniyasi, Universoft IT kompaniyasi bosh direktorlari, Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari, masʼul xodimlari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.
Konferensiyada Malaka oshirish instituti boshligʻi, t.f.n., dotsent, polkovnik Olimjon Axmedov, keyingi yillarda axborot texnologiyalarining dasturlash, axborotni uzatish, maʼlumotlar tahlili, axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik hamda sunʼiy intellekt texnologiyalari sohasida oʻzgarishlar yaqqol sezilayotgani, axborot texnologiyalari rivojlanib borgani sari kiberjinoyatlar salmogʻi ham oʻsib borayotgani toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.
Respublika ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirokchilarning kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, muhandislik-texnik muammolari va yechimlarining dolzarb masalalariga oid fikr va mulohazalari eshitildi hamda taklif va tavsiyalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda CYBER-BRO kiberxavfsizlik kompaniyasi oʻrtasida “Ichki ishlar xodimlarini IT sohasiga yoʻnaltirish, bilim va koʻnikmalarini takomillashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik faoliyati toʻgʻrisida” memorandum imzolandi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati






