“Sud ekspertizasi turlari va sunʼiy intellektni qoʻllash” boʻyicha oʻquv kurslari boshlandi
2024-11-27 10:05:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Koreya milliy politsiya agentligi va Kyungbuk milliy universiteti xodimlari tomonidan “Sud ekspertizasi turlari va sunʼiy intellektni qoʻllash” mavzusi boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari boshlandi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri va viloyati Ekspert-kriminalistika xizmati xodimlari, Malaka oshirish instituti va Akademiya professor-oʻqituvchilari oflayn, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar ichki ishlar organlari xodimlari esa onlayn ishtirok etmoqda.
Oʻquv kursini Institut boshligʻi, polkovnik Olimjon Axmedov ochib berib, keyingi yillarda Oʻzbekiston – Koreya munosabatlari izchil rivojlanib, bu ikki tomon uchun oʻzaro hamkorlik sohalarini taraqqiy etishiga xizmat qilayotganligini alohida taʼkidladi.
Mazkur oʻquv kurslari xodimlarga sud ekspertlik faoliyatining zamonaviy imkoniyatlari va kriminalistik koʻzdan kechirishning ilgʻor yechimlari boʻyicha uslubiyotlarni amaliy oʻrganishga hamda professor-oʻqituvchilarga oʻqitishning zamonaviy shakl va usullari, sunʼiy intellekt va innovatsion texnologiyalarni qoʻllash istiqbollari boʻyicha bilim va koʻnikmaga ega boʻlishlariga xizmat qiladi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati