Kasb fidoyisi. Mirjaloldan el minnatdor
2024-11-12 20:00:00 / Yangiliklar

Buvayda tumani IIB JXX HPB ijtimoiy profilaktika guruhi katta inspektori, kapitan Mirjalol Normatov mahalla faollari bilan bamaslahat ish olib borib, elning duosi va olqishiga sazovor boʻlib kelmoqda.
3-sektor tarkibida 14 ta mahalla mavjud boʻlib, 56 ming 590 nafar aholi istiqomat qiladi -deydi lavhamiz qahramoni. — Hudud aholisi orasida ishsizlikni kamaytirish va aholi bandligini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratyapmiz.
Bu borada Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod, Namangan viloyatining Uychi, Buxoro viloyatining Gʻijduvon hamda Jizzax viloyatining Zarbdor tumanlari tajribalari amaliyotga joriy etilmoqda.
“Kambagʻallikdan — farovonlik sari” dasturi doirasida sektor hududidagi 84 ta oilani kambagʻallikdan chiqarish choralari koʻrilmoqda.
Katta inspektorning qayd etishicha, 3-sektor hududidagi “Pishagʻar” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi fuqaro Zuhraxon Otaqoʻziyevaning bandligini taʼminlash maqsadida subsidiya asosida “Motokultivator” uskunasi olib berildi.
Shuningdek, mazkur oilani kambagʻallikdan chiqarish maqsadida sektor rahbari tashabbusi bilan 2 bosh qoʻy berilib, dehqonchilik qilishlari uchun 15 sotix yer ajratildi.
Natijada oila oʻzining daromad manbaiga ega boʻldi. Kuz-qish mavsumida ham sektor rahbari tashabbusi bilan qator xayrli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlash oʻrinli.
Masalan, yaqin kunlarda 310 ta kam taʼminlangan oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, 15 ta ehtiyojmand oilaga bepul koʻmir tarqatildi. 6 nafar imkoniyati cheklangan fuqaroga nogironlik aravachalari taqdim etildi.
“Xonobod” mahalla fuqarolari yigʻini hududida joylashgan 9-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida esa toʻliq qayta taʼmirlash ishlari uyushqoqlik bilan olib borilib, 620 oʻringa moʻljallangan yangi oʻquv binosi hamda sport zali qurildi. Yangi oʻquv yili oldidan mazkur inshootlar foydalanishga topshirildi.
Lavhamiz qahramoni zimmasidagi vazifalarni bekamu koʻst uddalab, hamkor tashkilotlar va hokimlik vakillarining ham eʼtiboriga sazovor boʻlyapti.
Eng katta mukofot bu elning duosi, — deydi M.Normatov. — Sektor tomonidan amaliy yordam berganimizda minnatdor boʻlgan fuqarolarimiz, ayniqsa, nuroniylar duoga qoʻl ochib, ezgu tilaklar bildirishadi.
Shunday pallada charchoqlarim arib, tanlagan kasbimdan faxrlanib ketaman.
Maʼlumot uchun aytish joiz, lavhamiz qahramoni 1992-yilda Buvayda tumanida tugʻilgan. 2014-2018-yillarda IIV Akademiyasida tahsil olgan. Oilali. Turmush oʻrtogʻi bilan ahillikda 2 nafar farzandni kamolga yetkazmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
