Vodiy hududlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar oʻrganildi
2026-11-08 12:55:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi, polkovnik Timur Ismailov Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlarida boʻlib, hududlarda ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, jinoyatchilikning oldini olish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Xususan, Fargʻona viloyati Margʻilon shahar va Yozyovon tumani, Andijon viloyati Baliqchi tumani ichki ishlar boʻlimlarida «Xavfsiz va sogʻlom yurt» oyligi doirasida tashkil etilgan tezkor shtablar faoliyati koʻzdan kechirilib, masʼul rahbarlarning hisobotlari tinglandi.
Oʻrganishlar davomida jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, shuningdek, mahallalar kesimida profilaktik ishlarning samaradorligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Polkovnik Timur Ismailov xizmat faoliyatini kunlik tahlil qilib borish, mavjud muammolarga manzilli yechim topish va bu borada rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.
Shuningdek, tashrif doirasida Fargʻona viloyati IIB Kinologiya xizmatining yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan binosi koʻzdan kechirildi. Xizmat faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xizmat itlarini saqlash va parvarishlash imkoniyatlari bilan tanishildi.
IIV JXD Axborot xizmati




