Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatovning “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” munosabati bilan bayram tabrigi
2026-11-07 19:00:00 / Yangiliklar

Aziz tibbiyot xodimlari!
Muhtaram Prezidentimizning rahbarligida mamlakatimizda oʻtkazilayotgan islohotlarning ilk kunidan boshlab tibbiy xizmat, xavfsizlik va taʼlim tizimini isloh qilish masalasi Davlat siyosatining eng asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi.
Tibbiyot, xavfsizlik va taʼlim sohasidagi islohotlarning pirovard zamirida esa - avvalo, inson manfaati, uning sogʻligʻi va osoyishtaligini taʼminlashdek ulugʻ va sharafli vazifalar yotadi.
Zero, “Inson hayotini asrash - eng oliy burch, uning salomatligi yoʻlida xizmat qilish esa eng yuksak sadoqat namunasidir!”
Bu borada, barchamizga maʼlum, 2006-yil 12-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi “Tibbiyot xodimlari kuni” bayrami keng nishonlanib kelinmoqda.
Inson salomatligini muhofaza qilishdek sharafli va masʼuliyatli faoliyatingiz, har qanday hurmatga munosib.
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida “Yangi Oʻzbekiston” sharoitida inson qadri va uning salomatligini muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Bu boradagi islohotlarning yangi bosqichi sifatida, joriy yil 27-oktyabr kuni Muhtaram Prezidentimizning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan tarixiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Unda tibbiyot xodimlarini ijtimoiy himoya qilish, kasbiy mahoratini oshirish, “Yangi Oʻzbekiston tibbiyot standartlari”ni joriy etish, sohani raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va robot jarrohlik kabi yangi imkoniyatlaridan keng foydalanish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, har bir tibbiyot xodimi kundalik faoliyatida “Bugun insonlar salomatligi uchun kechagidan koʻra nima yaxshi ish qila oldim?” degan ezgu savol bilan yashashi kerak.
Hurmatli tibbiyot xodimlari,
Bir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak.
Ichki ishlar organlari xodimining xizmat samaradorligi, eng avvalo, uning salomatligiga bogʻliq.
Sogʻlom xodimgina zimmasiga yuklatilgan vazifalarni, xalq osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini taʼminlashdek sharafli burchini toʻlaqonli bajara oladi.
Ichki ishlar organlari xodimlari Vatan va xalq tinchligi uchun xizmat qilsa, tibbiyot xodimlari esa ana shu sharafli xizmat posbonlarining hayoti va salomatligini muhofaza qiladi.
Ushbu masʼuliyatli ikki soha faoliyati bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, shuning uchun ham, soha vakillari sadoqat bilan xizmat qilishlari uchun kasb qasamyodini qabul qiladilar.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish, salomatligini mustahkamlash borasida yaratib berilayotgan imkoniyatlar natijasida Vazirlik tibbiyot tizimida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Eʼtiborlisi, tibbiyot muassasalarimiz 700 mingga yaqin kontingent bilan, nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari yoki pensionerlariga, balki prokuratura, adliya va bojxona xodimlariga ham malakali tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Soʻnggi oʻn yilda biriktirilgan ushbu kontingentga malakali tibbiy xizmat koʻrsatadigan zamonaviy ambulatoriya, poliklinika va gospitallar ishga tushirildi.
Gospitallardagi shifo oʻrinlari esa mingtadan 1 300 taga yetkazildi.
Xususan, Zarafshon, Ohangaron va Chirchiq шаҳарларида kunlik 200 qabulga moʻljallangan ambulatoriyalar tashkil etildi.
Ilgari davolanish uchun faqat poytaxtga shifo olish uchun keladigan Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida gospitallar tashkil qilinib, ularning umumiy soni 7 tadan 12 taga yetkazildi.
Natijada tibbiy xizmatlar hajmi uch karra oshdi.
Hurmatli soha vakillari!
Muhtaram Prezidentimizning eʼtibori va gʻamxoʻrliklari natijasida, tizimdagi tibbiyot muassasalarning moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanib, zamonaviy infratuzilmalar barpo etilmoqda.
Soʻngi ikki yilda Toshkent shahar IIBB poliklinikasi, Buxoro gospitali, Fargʻonadagi poliklinika, Namangan shahridagi gospitalning “Maʼdanli suv bilan davolash” binosi toʻliq taʼmirlanib, innovatsion tibbiy-texnologik uskunalar bilan jihozlandi.
Yaqinda Toshkent viloyati Tibbiyot boʻlimi ham zamonaviy yangi binoga koʻchib oʻtgan boʻlsa, ayni paytda Сурхондарёда 40 oʻrinli gospital, Qashqadaryoda esa Tibbiyot boʻlimi uchun zamonaviy yangi binolar qurilishi davom etmoqda.
Shu bilan birga, tibbiy xizmatni dori-darmon va zarur vositalar bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar oʻtgan yilga nisbatan 2026-yilning 9 oyining oʻzida 30 foizga oshirildi.
Natijada bemorlarni dori-darmon bilan taʼminlash darajasi 57 foizdan 90 foizga oshdi.
Muassasalarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish maqsadida oxirgi ikki yilda 15 turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar xarid qilindi.
Buning natijasida yuqori texnologik operatsiyalar soni uch baravarga oshirildi.
Qadrli soha fidoyilari!
Albatta, bu kabi ijobiy oʻzgarishlar zamirida tizimdagi 3 mingga yaqin tibbiyot xodimlari, xususan 850 nafardan ortiq shifokorlar, mingga yaqin maxsus kasbiy taʼlimga ega xodimlarning fidokorona mehnati va sadoqati mujassam.
Bu borada, soʻnggi ikki yilda shifokorlarning 230 nafari Kasbiy malakani rivojlantirish institutida, 16 nafari esa xorijiy davlatlarda malakasi oshirildi.
Tibbiy xizmatda ilmiy salohiyatni oshirish borasida ham munosib natijalarga erishildi.
Eng muhimi, davolash-profilaktika hamda kasalliklarni barvaqt aniqlash borasidagi ishlar natijadorligi oʻzining amaliy samarasini bermoqda.
Har yilgi tibbiy koʻriklar qamrovi 91 foizdan 100 foizga, ularning samaradorligi esa 9 foizdan 16 foizga yaxshilandi.
Masalan, joriy yilning oʻzida 35 mingga yaqin xodim va ularning oila aʼzolari sogʻlomlashtirildi.
Umuman olganda, ushbu natijalar tibbiy xizmatda erta tashxislash va manzilli sogʻlomlashtirish ishlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani uning yaqqol ifodasidir.
Bu borada, ichki ishlar organlari xodimlarining hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishda Sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining oʻrni va ularning fidokorona mehnatini alohida eʼtirof etmoqchiman.
Turli nostandart sharoitlarda xizmat vazifasini olib borayotgan xodimlarimizga malakali hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish, ularning hayotini saqlab qolish va salomatligini tiklash yoʻlidagi fidokorona mehnatingiz har qanday hurmatga munosib.
Bu boradagi hamkorlik uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyatiga, Ilmiy tashkilotlarga hamda barcha tibbiyot muassasalarining fidoyi xodimlariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Shu bilan birga tizimda tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:
birinchidan, ichki ishlar organlari tizimida “Diagnostika- profilaktika - davolash - reabilitatsiya” uzluksiz tamoyiliga asoslangan yagona tibbiyot klasterini joriy etib, xodimlarga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarni oʻzaro integratsiya qilish;
ikkinchidan, xodimlarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishda Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikda laporaskop, angiograf va artroskop kabi yuqori texnologik murakkab jarrohlik amaliyotlarni oʻtkazish;
uchinchidan, tibbiy xizmat sifatini baholashning xalqaro standartlarga asoslangan ilgʻor tizimini joriy etish, bemor xavfsizligi, xizmatlar shaffofligi va natijadorligi ustidan samarali nazorat mexanizmlarini joriy etish;
toʻrtinchidan, xorijiy davlatlarning yetakchi klinikalari bilan uzluksiz tajriba almashish orqali ilgʻor tajribalarni tizim faoliyatiga joriy etish borasidagi ustuvor yoʻnalishlar asosiy vazifamiz boʻladi.
Eng asosiysi, har bir tibbiyot xodimi oʻz faoliyatida “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni bosh mezon qilib olishi kerak.
Aziz soha fidoyilari!
Ishonchim komilki, Sizlar bundan buyon ham oʻz bilim va tajribangiz va yuksak kasbiy mahoratingiz bilan xodimlarimiz salomatligi muhofazasiga munosib hissa qoʻshasiz.
Fursatdan foydalanib, oʻz kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan barcha tibbiyot xodimlariga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman.
Barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz tibbiyot xodimlari!
