Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tizimida xizmat qilayotgan bir guruh salomatlik posbonlari tantanali tarzda taqdirlandi
2026-11-07 15:30:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi tizimida xodimlar va ularning oila aʼzolari hamda faxriylarga malakali xizmat koʻrsatib kelayotgan Tibbiyot xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri koʻtarinki ruxda oʻtkazildi.
Unda vazirlik Tibbiyot boshqarmasi va sohaviy xizmatlar rahbariyati, tizimning tibbiy muassasalari masʼul xodimlari, Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyati, shuningdek hamkor idora va tashkilotlarning mutasaddilari ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻz olgan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov soha vakillarini kasb bayrami bilan tabriklab, xodimlarning salomatliklarini saqlashda yaratib berilayotgan shart-sharoitlar natijasida vazirlik Tibbiyot boshqarmasi va hududiy davolash-profilaktika muassasalarida zamonaviy yangilanishlar roʻy berayotganligini qayd etib oʻtdi. Bu rivojlanishlar Davlatimiz rahbari tomonidan tizimga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning natijasi ekanligi alohida eʼtirof etildi.
Joriy yilning 27-oktyabr kuni Muhtaram Prezidentimizning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan boʻlib oʻtgan tarixiy uchrashuvida, sogʻliqni saqlash tizimi vakillarini ijtimoiy himoya qilish, kasbiy mahoratini oshirish, “Yangi Oʻzbekiston tibbiyot standartlari”ni joriy etish, sohani raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va robot jarrohligi kabi yangi imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalari ichki ishlar tizimi oldiga ham ustuvor vazifalarni belgilab berganligini taʼkidlandi.
Eʼtiborlisi, Vazirlik tibbiyot tizimida 700 mingga yaqin kontingent bilan, nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari yoki pensionerlariga, balki prokuratura, adliya va bojxona xodimlariga ham malakali tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Soʻnggi oʻn yilda (2017-2026) biriktirilgan ushbu kontingentga malakali tibbiy xizmat koʻrsatadigan zamonaviy ambulatoriya, poliklinika va gospitallar ishga tushirildi.
Ayni vaqtda IIV Tibbiyot boshqarmasi tizimida 11 ta statsionar davolash muassasalari, 16 ta ambulator poliklinikalar, 1 ta sanatoriy, Harbiy-tibbiy komissiya va Sanitariya-epidemiologiya nazorat bosh markazi va ularning hududiy boʻlinmalari faoliyat olib bormoqda.
Gospitallardagi shifo oʻrinlari esa mingtadan 1 300 taga yetkazildi.
Xususan, Zarafshon, Ohangaron va Chirchiq shaharlarida kunlik 200 qabulga moʻljallangan ambulatoriyalar tashkil etildi.
Ilgari davolanish uchun faqat poytaxtga keladigan Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida gospitallar tashkil qilinib, ularning umumiy soni 7 tadan 12 taga yetkazildi.
2025-2026-yillarda Toshkent shahar IIBB poliklinikasi, Buxoro viloyati Gospitali, Fargʻona viloyati poliklinikasi, Namangan shahridagi Gospitalning “Maʼdanli suv bilan davolash” binosi toʻliq taʼmirdan chiqarilgan boʻlsa, Toshkent viloyati IIBB Tibbiyot boʻlimi barcha imkoniyatlarga ega boʻlgan yangi binoga koʻchib oʻtdi.
Ichki ishlar vazirligi Markaziy gospitalida esa zamonaviy angiograf, artroskop, elektroneyromiograf apparatlari sotib olinib oʻtkazilgan yuqori texnologik operatsiyalar soni soʻngi ikki yilda 750 tadan 2 100 taga ortishiga erishildi.
Taʼkidlash joizki, erishilgan natijalar xodimlar salomatligini taʼminlash maqsadida belgilangan vazifalar ijrosi, shifokor va hamshiralar, sohada faoliyat yuritayotgan barcha mutaxassislaring oʻz kasbiga boʻlgan sadoqat va mehrining nishonasidir.
Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan hamda mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini mustahkamlash borasidagi samarali mehnati, ichki ishlar organlarida tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, xodimlar va ularning oila aʼzolarining salomatligini ishonchli muhofaza qilish, zamonaviy davolash usullarini amaliyotga keng tatbiq etish ishlariga qoʻshgan munosib hissasi uchun Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan bir guruh soha mutaxassislari va shifokorlar muddatidan oldin maxsus unvonlar, idoraviy koʻkrak nishonlari va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlangandilar.
Mukofotlar oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi. Taqdirlangan xodimlarning shifokor kasbiga boʻlgan qasamyodi bilan birga, Vataniga, xalqiga va Prezidentiga sadoqat ila xizmat qilish vaʼdasi baralla jarangladi.
Yangi Oʻzbekistonda har bir soha, har bir yoʻnalish taraqqiyot bosqichlari tomon odimlamoqda. Bu yoʻlda jamiyat salomatligi borasida fidoyilik namunalarini koʻrsatayotgan tibbiyot xodimlarining mehnati esa alohida tahsinga sazovor.
Kasb bayramingiz muborak boʻlsin qadrli salomatligimiz posbonlari!









