Hushyorlik -xotirjamlik garovi
2026-11-07 23:30:00 / Yangiliklar

«Xavfsiz va sogʻlom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi doirasida Andijon tumanidagi aholi gavjum maskanlarda profilaktik tadbirlar oʻtkazildi.
Xususan, avtoshohbekatlar va markaziy dehqon bozori hududlarida tashkil etilgan targʻibot ishlarida oʻgʻrilik, shuningdek, tigʻli buyumlardan foydalangan holda sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratildi.
Namoyish etilgan taʼsirchan videoroliklar yordamida fuqarolarga shaxsiy buyumlari va mol-mulkini asrash, jamoat joylarida hushyorlikni yoʻqotmaslik, zaruratsiz tigʻli buyumlarni olib yurishning ayanchli oqibatlari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
- Bugun hammaning oʻziga yarasha tashvishi bor, - deydi tumandagi «Qumkoʻcha» mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Neʼmatjon Obidjonov. - Nazarimda, odamlar orasida hushyorlik biroz susaygandek. Holbuki, «Oʻzingga ehtiyot boʻl, qoʻshningni oʻgʻri tut-ma», degan naql bejiz aytilmagan.
Bunday tadbirlar bizga ogohlikni yoʻqotmaslik, joylarda xavfsizlikni taʼminlashni avvalo, oʻzimizdan boshlashimiz kerakligini uqtiradi.
Shuningdek, tadbir davomida bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri boʻlgan kiberjinoyatchilikning oldini olish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Fuqarolarga «APK Qoʻriqchi» mobil ilovasining imkoniyatlari haqida maʼlumot berilib, ularni mazkur tizimga ulash boʻyicha targʻibot-tushuntirish ishlari olib borildi.
Ayni paytda bu kabi profilaktik va targʻibot tadbirlari viloyatning boshqa hududlarida ham davom ettirilmoqda.
© «Postda» gazetasi, Sherzodbek Nuriddinov, mayor. Andijon viloyati.
